Husanov va Xolandsiz o‘ynagan “Siti” “Lester”ni mag‘lub etdi
Sport
−
03 aprel 3545 1 daqiqa
3 aprelga o‘tar kechasi APL 30-turi doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Lester”ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yinda “shaharliklar” safida himoyachi Abduqodir Husanov qaydnomaga kiritilmagan bo‘lsa, hujumchi Erling Xoland jarohat sabab bahsni o‘tkazib yubordi.
O‘yinning 2-daqiqasidayoq mezbonlar vingeri Jek Grilish hisobni ochdi. 29-daqiqada esa misrlik hujumchi Omar Marmush oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Bahs yakuniga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi va “Manchester Siti” o‘z hisobiga 3 ochkoni yozib qo‘ydi.
Shu tariqa, ochkorlar sonini 51 taga yetkazib olgan “Manchester Siti” APL turnir jadvalida 4-o‘rinni band etib turibdi. Mag‘lubiyatga uchragan “Lester” esa 17 ochkosi bilan 19-pog‘onaga joylashdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Manchester Siti” o‘zining navbatdagi o‘yinini APL doirasida 6 aprel kuni mehmonda “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘tkazadi. “Lester” esa navbatdagi turda 8 aprelga o‘tar kechasi o‘z maydonida “Nyukasl”ga qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, “shaharliklar” murabbiyi Pep Gvardiola himoyachi Abduqodir Husanovni “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yin uchun asragani haqida xabar berilgan edi.