Husanov “Lans”ga o‘tganidan so‘ng kuniga 74 ming yevroga qimmatlashgan
Sport
−
23 yanvar
2877Yaqindagina Angliyaning “Manchester Siti”ga a’zosiga aylangan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov Belarusning “Energetik-BGU” klubidan Fransiyaning “Lans” jamoasiga o‘tganidan keyin har kuni 74 ming yevroga qimmatlashib borgan. Bu haqda “Semnadsatiy nomer” Telegram sahifasi xabar berdi.
“Lans” Husanovni 2023 yilning yozida 100 ming yevroga sotib olgan va bir yarim yildan so‘ng “Man Siti”ga 40 millionga sotdi. O‘sha yozda “Ayntraxt” Marmushni erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi va yaqindagina uni “Siti”ga 75 million yevroga sotdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Lans” Husanovni sotib olgan paytdan boshlab “Siti”ga o‘tguniga qadar futbolchining narxi kuniga o‘rtacha 74 ming yevroga oshgan. Marmushda esa bu ko‘rsatkich 134 ming yevroni tashkil etmoqda.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Chelsi” a’zosi Enso Fernandes yetakchilik qilmoqda. Enso “Benfika”ga o‘tganidan keyin kuniga 393 ming yevroga qimmatlashdi. “Benfika” uni yozda 44 millionga sotib olgan bo‘lsa, atigi olti oy o‘tib “Chelsi”ga 121 millionga sotdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Husanov transferidan futbolchining sobiq klublari “Energetik-BGU” va “Bunyodkor” qancha ishlab olgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi