Hukumatning 2000 ga yaqin qarori o‘z kuchini yo‘qotdi
Jamiyat
−
23 fevral 2021
7169O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayri qarorlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan, 1887 ta hukumat qarorining aksariyati to‘lig‘icha, ba’zilari qisman o‘z kuchini yo‘qotdi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda amalda bo‘lib turgan 35 mingdan oshiq normativ-huquqiy hujjatlar bo‘lib, bu qonunosti hujjatlarning ko‘pligi qonunchilikdagi takrorlanishlarga, tafovut va chalkashliklarga sabab bo‘lmoqda.
Bu esa o‘z navbatida huquqni qo‘llash amaliyotini murakkablashtiradi, ulardan foydalanishda noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Chunki bir masalani tushunish uchun yuzlab hujjatlarni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoki boshqa so‘z bilan aytganda ularni kamaytirish:
• birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa, to‘g‘ri bo‘ladi degan savolga yechim topiladi;
• ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi;
• uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanishlar va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, 500 ga yaqin hujjatlarni bekor qilishni nazarda tutgan 2020 yil 27 sentyabrdagi 6075-sonli Prezident farmoni hamda hukumatning mazkur qarori vazirlik tomonidan olib borilayotgan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning birinchi bosqichi hisoblanib, ikkinchi bosqichda qonunchilik hujjatlarini sohalar kesimida birlashtirish reja qilingan.
LiveBarchasi