Hukumat nodavlat maktablarni “ramka”ga solmoqchimi?
Jamiyat
−
24 fevral 2020
7822Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 27 martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 5-bandida quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi – o‘ninchi xatboshilarni qo‘shish ko‘zda tutlgan:
“nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilar tomonidan pedagogik kengashning qarori bilan tasdiqlangan namunadagi formani kiyishda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining ustavida belgilangan talablarga rioya etish;
ta’lim oluvchilarning kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik, o‘g‘il bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga, qiz bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘ymaslik;”;
Ushbu o‘zgarishdan keyin to‘qqizinchi – o‘n to‘rtinchi xatboshilar tegishincha o‘ninchi – o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarorida 3-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“3. Belgilansinki:
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanadi;
nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari ta’lim oluvchilarining yagona shakldagi formasi namunasi ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.”;
Ushbu qarorning 2-ilovasi 2-bandidagi “majburiy” so‘zidan keyin “, nodavlat ta’lim tashkilotlari ta’lim oluvchilari uchun tavsiyaviy” so‘zlari qo‘shiladi.
Loyihaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 dekabrdagi 1028-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat umumta’lim tashkilotining namunaviy ustavida quyidagi mazmundagi 191-195-bandlar qo‘shiladi:
“191. Ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan ta’lim oluvchilar uchun yagona forma namunasi tasdiqlanadi.
Forma namunasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi namunasi bilan aynan bir xil bo‘lishi ham mumkin.
192. Ta’lim oluvchilar tomonidan formani kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
• kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
• qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 – 15 sm pastda bo‘lishi;
• o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
• oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
• ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
• kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.
193. Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkiloti binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, tashkilotda o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan ta’lim oluvchilarning formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, nodavlat umumta’lim tashkilotida:
• o‘g‘il bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga;
• qiz bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
194. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, ta’lim oluvchilar formaning nimchasini yoki kostyumini, ko‘ylakning yengi uzun yoki kalta shaklini ixtiyoriy ravishda kiyishlari mumkin. Shuningdek, qishki o‘qish davrida qizlarga yagona formaga mos shim kiyishga ruxsat beriladi.
195. Nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan forma namunaviy shakllarining rangli rasmlari va texnik ko‘rsatkichlari – matoning tarkibi va rangi haqidagi ma’lumotlar 1–6-sinflar va 7–11-sinflar kesimida nodavlat ta’lim tashkilotining barchaga ko‘rinarli joyiga osib qo‘yiladi.”
Shu bilan birga, 47-banddagi “o‘quv” so‘zidan keyin “, ma’naviy-axloqiy ishlar” so‘zlari qo‘shiladi, 49-bandning o‘ninchi xatboshi chiqarib tashlanadi.
Quyidagi mazmundagi 491 va 492-bandlar qo‘shiladi:
“491. Direktorning ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
• muassasadagi ma’naviy-axloqiy jarayonning tashkil qilinishi va ish hujjatlarining yuritilishini nazorat qiladi;
• pedagog xodimlarga metodik yordam ko‘rsatadi;
• ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qiladi;
• pedagoglarning ma’naviy-axloqiy ishlarini tahlil qilish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlariga kiradi;
• pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilar tomonidan tashkilot ichki tartib-qoidalari va kiyinish madaniyatiga rioya etilishini nazorat qiladi;
• ma’naviy-axloqiy tadbirlar rejasini tuzadi va tasdiqlash uchun direktorga taqdim etadi;
• direktor bo‘lmagan vaqtda uning vazifasini bajarib turadi;
• pedagog xodimlar tomonidan tarbiyaviy hamda sinfdan tashqari ishlarning bajarilishini nazorat qiladi.
492. Nodavlat umumta’lim tashkiloti direktori, uning o‘quv ishlari va ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z ixtisosliklari bo‘yicha mehnat qonunchiligiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin.”.
Foydalanuvchilar qaror loyihasiga munosabat bildirdib, Hukumatni nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini (NUO‘TT) “ramka”ga solishga urinmaslikka chaqirgan. Shuningdek, NUO‘TTlar tadbirkorlik sub’ekti ekani ta’kidlanib, bu o‘zgarishlar ularning faoliyatiga zarar yetkazishi aytib o‘tilgan.
LiveBarchasi