Hukumat qanday ixchamlashtiriladi?
Jamiyat
−
07 aprel 2019 9038 2 daqiqa
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat organlarining ayrim funksiyalarini xususiy sektor sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining takliflari ma’qullanadi.
Shuningdek, quyidagi tartib o‘rnatiladi:
2019 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida ustav kapitalidagi 50 foizdan ortiq aksiyasi (ulushi) davlatga tegishli bo‘lgan tijorat tashkilotlari tashkil etish ta’qiqlanadi, bundan milliy xavfsizlikni ta’minlashning boshqa imkoni bo‘lmagan sohalar mustasno;
2019 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini boshqarishning yangi vositalarini joriy qilishga tashabbus ko‘rsatgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tadbirkorlik sub’ektlariga tartibga solish yukini kamaytirishni mavjud boshqa davlatning tartibga soluvchi vositalarini xususiy sektorga berish yoki bekor qilish orqali ta’minlashlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari va ma’suliyati cheklangan jamiyatlar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, shuningdek, xo‘jalik birlashmasi shaklidagi uyushmalar (xoldinglar)ning vazifalari va funksiyalarini tanqidiy ko‘rib chiqib, ularning faoliyatini takomillashtirish, jumladan tegishli vakolatlarini davlat boshqaruvi organlariga berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda davlat hokimiyati organlari faoliyatida autsorsing mexanizmini qo‘llash, shu jumladan davlat organlari funksiyalarini autsorsing asosida xususiy sektorga berish va autsorserlarni tanlash buyicha tanlov o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi vazirliklar va idoralar faoliyatini sifatliligini oshirish bo‘yicha zamonaviy axborot texnologiyalarni, jumladan zamonaviy dasturiy ta’minotlardan foydalanish orqali xodimlarning ish vaqtini hisobga olish va nazorat qilish tizimi, ma’lumotlar bazasidan foydalanish va ma’lumotlarni himoya qilish uchun “blok-cheyn” texnologiyalari, “bulutli saqlash”dan foydalanish va hujjatlar elektron aylanmasini joriy etadi.
Qaror loyihasi muhokamasi 21 aprelga qadar davom etadi.
Live
Barchasi