Husiylar Tel-Avivdagi aeroportga hujum qildi
Olam
−
23 mart
7615Yamandagi husiylar harakati tarafdorlari bugun, 23 mart kuni Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportiga gipertovushli ballistik raketa yordamida hujum uyushtirdi. Bu haqda husiylar tuzgan qurolli kuchlar vakili Yahyo Sariya bayonot berdi.
“Qurolli kuchlarning raketa kuchlari bosib olingan Yaffa (Tel-Avivni nazarda tutadi) hududidagi Ben Gurion aeroportiga “Palestina-2” gipertovushli ballistik raketasi yordamida zarba berdi”, dedi Sariya husiylar nazoratidagi “Al Masirah” telekanali efirida.
Uning bayonotiga ko‘ra, husiylarning operatsiyasi “havo qatnovining 30 daqiqadan ko‘proq vaqtga to‘xtatilishiga” olib kelgan.
Bugun, 23 mart kuni ertalab SAXAL matbuot kotibi Isroil Qurolli kuchlari Yamandan uchirilgan raketani mamlakat havo hududiga kirmasdan oldin tutib olganini ma’lum qilgandi. Bir qancha hududlarda havo hujumi sirenalari ishga tushirilgan.
G‘azo sektoridagi mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar harakati Isroil hududini o‘qqa tutib, unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozlaridan o‘tishiga to‘sqinlik qilishini aytdi.
Shu yil yanvar oyi o‘rtalarida G‘azoda sulh e’lon qilinganidan so‘ng husiylarning hujumlari to‘xtatildi, biroq mart oyi boshida sulh bekor bo‘lgach, ular avvaliga Qizil dengizdagi Isroil kemalariga hujumlar qayta boshlanganini e’lon qildi va keyin yana Isroil ichidagi nishonlarga raketa bilan hujum qilishga urina boshladi.