Hozirgi davrda faqat bir davlatga tayanib bo‘lmaydi – Bosh vazir o‘rinbosari
Jamiyat
−
26 Sentabr 2023
10620O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hozirgi geosiyosiy vaziyatda faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmasligini, chunki bu xavfsiz emasligini aytdi. Bu haqda u shu oyda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan AQSH-O‘zbekiston biznes konferensiyasi chog‘ida so‘z ochgan.
“Bugungi geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi, chunki bu xavfsiz emas. Har bir mamlakat diversifikatsiyani qidiradi”, degan Jamshid Xo‘jayev.
“Bloomberg”ning yozishicha, 2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravar oshirmoqchi. Buning uchun uning rasmiylari AQSH, Rossiya va Xitoy manfaatlarini muvozanatlashtirishi kerak.
“Xitoy bizning eng yirik savdo va sarmoyaviy hamkorlarimizdan biri. Biz buni yashirmaymiz, chunki ular qayta tiklanadigan manbalar va yashil energiyaga juda agressiv. Ularning yaxshi texnologiyalari, yirik kompaniyalari bor va ular biz bilan ishlashni xohlaydi”, degan Bosh vazir o‘rinbosari.
Qayd etish joizki, Rossiya O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda. Moskva bilan tarixiy aloqalar bu munosabatlarni mustahkamlab kelgan. Xo‘jayev bu aloqalarni "yaxshi imkoniyat" deb ataydi. Shuningdek, u O‘zbekiston rasmiylari Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan ushbu bozorni diversifikatsiya qilish uchun ishlayotganini bildirgan.
“Qayta tiklanadigan energiyadan tashqari, Xitoy ham O‘zbekistonga infratuzilmasini rivojlantirishda katta yordam ko‘rsatmoqda. Bu davom etadi”, deydi Xo‘jayev.
Bildirilishicha, O‘zbekiston AQSHdan ham investitsiyalarni jalb qilmoqchi, ayniqsa, AQSH kompaniyalari ustunlik qiladigan rivojlanayotgan yuqori texnologiyali sektorga.
“Bizda bozor iqtisodiyoti mavjud va biz barcha investorlarimizga bir xil shart-sharoitlarni berishga harakat qilmoqdamiz. Agar sizda eng yaxshi variant mavjud bo‘lsa, siz aynan shuni qilasiz”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan paydo bo‘lgan qiyinchiliklardan biri AQSH va Yevropadan Rossiyaga taqiqlangan tovarlarni tashishni to‘xtatishga urinish bo‘lganini aytgan. Uning aytishicha, O‘zbekiston bu tovarlarni o‘z chegaralaridan olib o‘tmasligi uchun AQSH moliya vazirligi bilan hamkorlik qilmoqda.
Shuningdek, Xo‘jayev O‘zbekiston boshqa davlatlar iqtisodiyotning energiya va oziq-ovqat ta’minoti kabi nozik tarmoqlariga kiritayotgan sarmoyalarni diversifikatsiya qilishga harakat qilayotgani, biroq infratuzilma kabi boshqa sohalarga kelganda, rasmiylar “xalq uchun eng yaxshi deb hisoblangan qarorni qabul qilishini” bildirgan.
"Kim qayerga sarmoya kiritishini aytib beradigan darajada boy emasmiz", degan Bosh vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 sentyabr kuni Vashingtonda o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi nergetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohalari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolangandi. Tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSH Eksimbanki prezidenti Reta Jo Lyuis va davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQSHning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etgandi.
LiveBarchasi