Hozirda dunyo bo‘ylab avj olayotgan urushlar soni aytildi 

Olam

image

Bugun dunyoda 60 dan ortiq qurolli mojaro davom etmoqda, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri kuzatilmagan darajadir. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

Qayd etilishicha, BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Jenevadagi Inson huquqlari kengashida so‘zga chiqib, qurolli mojarolar soni ortib borayotgani va xalqaro huquqning zaiflashayotganidan jiddiy xavotir bildirgan.

U, shuningdek, sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda, ayniqsa inson aralashuvisiz odam hayotiga qasd qilish to‘g‘risida qaror qabul qila oladigan qurollarni ishlab chiqishda foydalanilayotganiga e’tibor qaratgan.

Tyurk sun’iy intellekt ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlagan. Uning ta’kidlashicha, bu inqilobiy texnologiya nazoratsiz qoldirilsa, “insoniyat uchun ekzistensial tahdid”ga aylanishi mumkin.

Oliy komissar sun’iy intellekt tizimlari kelajakda shu qadar kuchayib ketishi mumkinki, ularni ishlab chiqqan mutaxassislar ham nazorat qila olmay qolishi ehtimolidan ogohlantirgan.

“Sinov muhitidan tashqariga chiqib ketadigan yoki ishlab chiquvchilarni o‘zini o‘chirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun shantaj qiladigan sun’iy intellekt – haddan tashqari kuchli SIdir”, degan Tyurk.

U mamlakatlarni sun’iy intellekt texnologiyalari joylashgan hududlar hamda ushbu texnologiyalar ta’minot zanjirlarida ishtirok etayotgan davlatlar bilan birgalikda yangi texnologiyaning tarqalishiga aniq chegaralar belgilashga chaqirgan.

Tyurk, shuningdek, sun’iy intellekt xavfsizligi va himoyasini ta’minlaydigan qat’iy kafolatlarni kech bo‘lmasidan oldin ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Inson huquqlari bo‘yicha global alyans tuzayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing