BMT Inson huquqlari bo‘yicha global alyans tuzmoqda

Olam

image

BMTda yangi tashabbusga start berildi – Inson huquqlari bo‘yicha global alyans nizolar rekord darajaga yetgan, tengsizlik chuqurlashib borayotgan va iqlim o‘zgarishlari tezlashayotgan bir sharoitda inson huquqlarini qarorlar qabul qilish jarayonining markaziga qo‘yishga qaratilgan. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, alyans keng doiradagi ishtirokchilarni  – hukumatlar, fuqarolik jamiyati, biznes, shaharlar, diniy yetakchilar, olimlar va yoshlarni yagona platforma atrofida birlashtirishni maqsad qilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (IHOKB) konseptual eslatmasida aytilishicha, inson huquqlarini himoya qilish tizimi misli ko‘rilmagan bosimga uchramoqda: huquqbuzarliklar jazosiz qolmoqda, fuqarolik jamiyati uchun maydon torayib bormoqda, ayrim davlatlar ko‘p tomonlama majburiyatlardan chekinmoqda, moliyalashtirishning jiddiy yetishmovchiligi esa butun huquqni himoya qilish sohasiga tahdid solmoqda.

Yaqin bir oy ichida bir qator aniq tashabbuslar, jumladan, biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha global qo‘llab-quvvatlash xizmati, raqamli innovatsiyalarga bag‘ishlangan “RightsX” sammiti hamda ta’limning barcha bosqichlarida inson huquqlari ta’limini joriy etishga qaratilgan “Har bir sinfda inson huquqlari” dasturi boshlanadi.

Alyans bir martalik kampaniya emas, balki uzoq muddatli loyiha sifatida rejalashtirilgan. Ushbu tashabbusning birinchi uch yillik bosqichi yakunlanishi 2028 yil 10 dekabrda nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 80 yilligiga to‘g‘irlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti maxsus komissiyasi kelasi hafta Livandagi urushda qaysi tomon xalqaro qonunlarni buzganini tekshirish maqsadida tergovchilar guruhini jo‘natishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing