Hozir hamma telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda – Prezident IIBB axborot multimedia markazi bilan tanishdi
Jamiyat
−
12 fevral 2021
6764Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Davlat rahbari boshqarmada dastlab bosh boshqarmaning axborot multimedia markazi faoliyati bilan tanishildi. Bu markaz eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jixozlangan, jinoyat va hodisalar to‘g‘risida tezkor xabarlar tayyorlash, brifing va matbuot anjumanlari o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Davlat raxbari bunday axborot markazi xar bir boshqarmada bo‘lishi kerakligini, tizimdagi o‘zgarishlarni xalqqa yetkazib, aholining ogohligini oshirish zarurligini ta’kidladi.
“Hozir hamma telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda. Odamlarni ichki ishlar bo‘limiga chaqiradigan yoki qog‘ozdagi murojaatini kutib o‘tiradigan zamon o‘tib bo‘ldi. Endi tuman va shahar boshqarmasini mahalla bilan bog‘laydigan, odamlar bilan onlayn muloqot qiladigan dasturiy mahsulot yaratish kerak. Butun ichki ishlar tizimi axborot texnologiyalari asosida ishlashi zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimida foydalanilayotgan maxsus texnika va vositalarni ko‘zdan kechirdi.
Tashrif chog‘ida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining shon-sharaf muzeyi ochildi. Davlat rahbari uni kirib ko‘rdi.
Muzeyda tarixning turli davrlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari aks ettirilgan. Boshqarma shaxsiy tarkibining turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalaridan namunalar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Muzeyning alohida bo‘limi ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish paytida halok bo‘lgan xodimlarga bag‘ishlangan.
Shu yerda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini bevosita mahallalarda tashkil etish, profilaktika inspektorlarining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim loyihasi taqdimot qilindi.