Hormuzdan o‘tmoqchi bo‘lgan kemalarni Eron o‘qqa tutdi

Olam

image

Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishni rejalashtirgan qariyb 20 ta kema Eron tomonidan harbiy nazorat tiklangani e’lon qilingach, orqaga – Ummon tomonga burildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.

Eron harbiylari Hormuz bo‘g‘ozi “avvalgi holatiga qaytgani”ni bildirgan, shu sababli kemalar suv hududiga kirish joyida ortga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Avvalroq, Buyuk Britaniya Ummon yaqinida bir tanker o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan.

Nashrning yozishicha, kemalar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi radio orqali bo‘g‘oz yopilgani haqida ogohlantirganidan keyin ortga qaytgan. Ma’lum qilinishicha, bu kemalarning har biri bo‘g‘ozdan o‘tish uchun avval Eron harbiylariga 2 million dollardan to‘lashga rozi bo‘lgan.

Tehronning bu qarori AQSH 13 aprel kuni, Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, joriy etgan dengiz blokadasiga javob bo‘lgan. O‘shanda AQSH Eron bilan bog‘liq bo‘lmagan kemalar, agar ular Tehronga to‘lov qilmagan bo‘lsa, bo‘g‘ozdan erkin o‘tishi mumkinligini bildirgan. Biroq Eron bu harakatlarni “dengizdagi qaroqchilik” deb baholab, 18 aprel kuni harbiy nazorat rejimini qayta tiklagan.

Shundan so‘ng kamida ikki savdo kemasi Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan paytda o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qilingan.

“Reuters” agentligiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi Ummonning shimoli-sharqidan taxminan 37 kilometr uzoqlikda tanker bilan bog‘liq hodisa haqida xabar olgan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof bundan avval AQSH blokadasi davom etsa, Hormuz bo‘g‘ozi ochiq qolmasligini, kemalar faqat “belgilangan yo‘nalish” va “Eron ruxsati” bilan o‘ta olishini ogohlantirgan edi. Eronda tasdiqlanishicha, bo‘g‘ozdan faqat savdo kemalariga harakatlanishga ruxsat beriladi va bu ham boj to‘langandan keyin amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyodagi neft, neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz yetkazib berishning qariyb 20 foizi o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 aprel kuni Eron AQSH tomonidan davom etayotgan dengiz blokadasi sabab Hormuz bo‘g‘ozi yana yopilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron kemalar Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing