Holokost sharmandaligi Yevropa yetakchilarini “garovda ushlab turibdi” – Erdo‘g‘an
Olam
−
21 noyabr 2023
7058Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi davlatlari Isroilning G‘azo sektoridagi jinoyatlarini bilmasligini “Holokost sharmandaligi” bilan izohlash mumkin ekanini aytdi. Bu haqda u mamlakat Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha telemurojaatida aytib o‘tdi.
“Holokost sharmandaligi Yevropa yetakchilarini amalda "garovda ushlab turibdi”, deydi Turkiya Prezidenti.
Davlat rahbari Turkiyada bunday cheklovchi “meros” yo‘qligini ta’kidlagan.
“Turkiya Isroil qancha urinmasin, antisemit deb atay olmaydigan yagona davlatdir. Turkiya tarixida bunday sharmandali dog‘ yo‘q”, degan Prezident Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 7 oktyabrda Isroil-Falastin mojarosi avj olganidan beri G‘azo sektori “salib yurishlari va Ikkinchi jahon urushi davridan qolishmaydigan mutlaq shafqatsizlik”ni namoyish etmoqda.
"Turkiya G‘azodagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun sa’y-harakatlarni safarbar etar ekan, biz G‘arb davlatlarining vijdonsiz pozitsiyasini qizarib kuzatamiz", deydi siyosatchi.
Davlat rahbari bolalar, ayollar va qariyalarga qarshi kurashning barcha zamonaviy vositalaridan foydalangan Isroil va uning tarafdorlari javobgarlikka tortilishiga ishonch bildirdi.
“Agar biz G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarga javob bermasak, ertaga biz va’da qilingan yer deb atalmish ishg‘olchilik aqidaparastligining yerlarimizga kirib kelishiga to‘sqinlik qila olmaymiz”, deya ogohlantirdi Erdo‘g‘an.
Prezident yana Isroilning yadro quroliga egaligi mavzusiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Anqara jahon hamjamiyatiga Isroilning yadro quroliga ega ekanligini unutishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an, Turkiya shu kungacha G‘azo sektori aholisiga jami 800 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami jo‘natganini eslatgan.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Janubiy Kavkazdagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi va Armanistonni Ozarbayjon uzatgan “tinchlik qo‘lini qabul qilishga” chaqirdi.
“Arman xalqi va uning yetakchilari minglab kilometr uzoqlikda emas, balki qo‘shnilari bilan tinchlik va hamkorlikka intilsa, xavfsizligi yanada ishonchli bo‘ladi. G‘arb davlatlari tomonidan yuborilgan har qanday qurol va o‘q-dorilar barqaror tinchlikni ta’minlovchi osoyishtalikning o‘rnini bosa olmaydi”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Ozarbayjon bilan hamkorlikda Baku va Yerevan o‘rtasidagi normallashuv jarayonining muvaffaqiyati uchun zarur qadamlarni qo‘yishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 17 noyabr kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ham Holokostdan gap ochgandi.
“Isroil-Falastin mojarosiga burch psixologiyasi nuqtai nazaridan baho bermaslik kerak. Men erkin gapiraman. Chunki biz Isroildan hech narsa qarzdor emasmiz. Qarzdor bo‘lsak, bunchalik erkin gapira olmasdik. Ammo qarzi borlar bemalol gapira olmaydi. Biz Holokostdan o‘tmaganmiz. Bizda bunday holat yo‘q”, degan edi u Sholsning yonida turib.
LiveBarchasi