Hokimning so‘kishini eshitib, taftish o‘tkazish ayol kishiga qoldimi?
Tahlil
−
17 Sentabr 2019
30471Joriy yilning 28 avgust kuni Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning tumanda joylashgan bank rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda stol urib majlis ishtirokchilarini so‘kkani, ularni tinimsiz haqoratlab, ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan qo‘rqitgani haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edik. Ushbu maqolaga isbot o‘laroq audioyozuv taqdim etilgan edi.
Shundan so‘ng, joriy yilning 4 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ mazkur audioyozuvga izoh berilishi va Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovga chora ko‘rilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, Toshkent shahar hokimligiga maktub yo‘lladi.
Toshkent shahar hokimligidan ushbu xatga nisbatan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova imzosi bilan javob xati yetib keldi. U to‘rt iddao-banddan iborat:
“Qalampir” MCHJning 2019 yil 6 sentyabrdagi № Q-20-19-sonli xatiga javoban shuni malum qilamizki, Toshkent shahar hokimligi Qalampir.uz internet nashrining 2019 yil 28 avgustda Olmazor tumani hokimiga taalluqli bo‘lgan maqolasi va video bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqda”, deyiladi maktub avvalida.
Toshkent shahar hokimligi o‘rganish ishlari davom etayotganini bildirsa-da, hozirning o‘zidayoq audioyozuv yuzasidan ayrim masalalarni o‘rtaga tashlaydi.
“Shu bilan mutaxassislarning fikriga tayanib, maqolada va videotasvirda bir necha nomunosibliklar borligiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz”.
Birinchi iddao: Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan videotasvirga audioyozuv montaj orqali joylashtirilgan bo‘lib, tasvir ovoz bitta majlisga taalluqli emas”.
Tahririyat: Maqolada ham, tahririyat tomonidan Toshkent hokimligiga yo‘llangan maktubda ham audioyozuvga e’tibor qaratish kerakligi aytilgan edi. Chunki, maqolada fakt o‘laroq hech qanday video keltirilmagan. Hokimning audioyozuvidagi so‘zlar tushunarsiz bo‘lmasligi uchun uning surati ostiga audioyozuvdagi so‘zlar yozib chiqilgan, xolos. Buni bugungi kun zamonaviy axborot texnologiyalari va medianing turli ko‘rinishlari bilan ishlashga odatlangan o‘quvchilar va kuzatuvchilar juda yaxshi biladi va farqlaydi. Qolaversa, maqolada ham, rasmiy maktubda ham tasvir ovoz bilan mutanosib deyilmagan. Shunga qaramay, hokimlik ovozli yozuv qolib, tasvir bilan taftish o‘tkazgan ko‘rinadi.
Ikkinchi iddao: “Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining eksport, investitsiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga bag‘ishlangan videodelektor yig‘ilishidan so‘ng, Olmazor tumanida majlis o‘tkazilgan deyilgan. Ammo tumanda 2019 yilning 12 avgustidan keyin bu mavzuda hech qanday yig‘ilish o‘tkazilmagan. Audioyozuvdagi ovozdan kelib chiqib taxmin qilinishicha, bu ichki, o‘zaro suhbat ko‘rinishidagi muhokama bo‘lgan”.
Tahr.: Toshkent shahar hokimligi o‘zi yo‘llayotgan javob maktublariga diqqat bilan e’tibor qilishini tavsiya qilamiz. Agar jiddiyroq yondashilganda edi, “bu ichki, o‘zaro suhbat ko‘rinishidagi muhokama bo‘lgan”, deb taxmin qilib turgan bir vaqtda, “hech qanday yig‘ilish o‘tkazilmagan” degan qat’iy fikr o‘rtaga tashlanmagan bo‘lardi. Xo‘p, hokimlik aytganicha bor deylik. Lekin qani isbot, qani yig‘ilish o‘tkazilib yo o‘tkazilmaganining dalili? Go‘yo hokimliklardagi yig‘ilishlarning har biri xususida alohida bayonnoma rasmiylashtirib boriladiki, bunisi rasmiylashtirilmagani uchun o‘tkazilmagan desak. Bordiyu o‘zaro suhbat bo‘lsa ham, hokimning boshqalarni haqoratlashga nima haqqi bor? Keyin shumi hokimlikning o‘tkazgan tekshiruvi? Shumi asosli dalil va isbot? Agar bu hokimning o‘zaro suhbati bo‘lsa, u o‘zaro suhbat davomida kimnidir haqoratlashi va ishdan olish bilan tahdid qilishi mumkinmi?
Uchinchi iddao: “Kimlardir haqorat qilinganligi haqidagi iddaoga kelsak, videodan “majlisda” tuman hokimi aynan aynan qaysi rahbar yoki o‘rinbosarlarini haqorat qilganini aniqlash imkoni mavjud yemas. Bu masalada Toshkent shahar hokimligiga majlisdagi hech bir ishtirokchidan murojaat kelib tushmagan”.
Tahr.: Qachon hokimlarning haqoratlari va tazyiqlaridan shikoyat kelib tushgandiki, endi kelib tushsa? Yo Bundan bir yarim oy avval Sebzorda bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha shikoyat kelib tushganmidi?
To‘rtinchi iddao: “O‘zbekiston Respublikasining “ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasida va O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 5 va 6-moddalarida OAV va jurnlistlar tomonidan taqdim qilinayotgan xabar va ma’lumotlar aniq va ishonchli axborot manbalaridan olinishi va bu manba ko‘rsatilishi lozimigi belgilab o‘tilgan. Ammo QALAMPIR.UZ “majlisga” aloqador axborot manbasida, ushbu yig‘ilish qachon o‘tkazilgan, audioyozuv kim tomonidan yozib olinganligini ko‘rsatmagan”.
Tahr.: Qonunlarni yaxshi bilamiz va aynan “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish imkoniyati borligini Toshkent shahar hokimligiga eslatib o‘tamiz.
Hokimlik maktubi quyidagicha davom etadi:
“Shundan kelib chiqib, agar internet nashri “majlis” bo‘yicha aniq fakt va dalillar hamda video va audio yozuvning to‘liq holatini taqdim etsa, Toshkent shahar hokimligi bu holatni atroflicha o‘rganib chiqadi”.
Tahr.: Mayli biz-ku taqdim etishga tayyormiz! Biroq Toshkent shahar hokimligi ushbu masala ortidan tushib, OAV bilan hamkorlik qilishga tayyormikin? Biz-ku birinchi qadamni bosib, maqolani e’lon qildik. Hokimning haqoratlarga to‘la ovozli yozuvini “tut”lar bilan to‘ldirib chiqdik. Toshkent shahar hokimligi haqiqatning izidan tushishni shu qadar istarkan, oradan 10 kun o‘tsa ham nega tahririyatga murojaat qilmadi? Nega audioyozuvning haqiqiysini talab qilmadi? Nega biz izoh bering, deb xat yo‘llamagunimizcha chetda tomoshabin bo‘lib turdi? Kamiga maktub so‘ngida hokimlik majburiyatlarini unutib, huquqlarini quyidagi shaklda talab qilishi g‘alati emasmi?
“O‘z navbatida, OAV e’lon qilinayotgan har bir materiali xolis, haqqoniy, aniq fakt va dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini unutmasliklari maqsadga muvofiq. O‘zbekiston Respublikasining “ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasida, yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e’lon qilingan. Haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma’lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli ekani va boshqa huquqlari belgilab o‘tilganligini eslatib o‘tamiz”.
Yana bir narsa qiziq: Toshkent shahar hokimligi rahbariyatida hokim Ortiqxxo‘jayevdan tashqari 8 nafar o‘rinbosarlar ishlaydi. Shundan yetti nafari erkaklar. Dilbar Nujmutdinova esa majburiyatlari bo‘yicha xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanishi kerak. Qiziq, Toshkent shahar hokimligida shuncha erkak qolib, hokimning so‘kishini eshitib, taftish o‘tkazish ayol kishiga qoldimi?
Yana bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, hokimlik maktub avvalida o‘rganish olib bormoqda deganu ammo maktubda uzil-kesil javoblar bergan. Javoblarga qaraganda, o‘rganish olib borilmayapti, aksincha, u tugab bo‘lgan.
LiveBarchasi