Urganingiz — ur oshi, so‘kkaningiz... Rahmonovning so‘kong‘ichligiga qachongacha ko‘z yumiladi?
Jamiyat
−
18 may 2021
23680Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Usta Normat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Ikromovni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqqan edi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 may kuni “Usta Normat” MFY raisi Alisher Ikromov “Usta Normat” mahallasi Dehqonobod ko‘chasida joylashgan hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning ota uyiga chaqirtiriladi. U bu yerda o‘zining xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmagani bo‘yicha Rahmonov tomonidan turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlanadi, hatto, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatiladi.
Ayni vaqtda mazkur holat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda Vazirlik Ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Baxtiyor Rahmonovning odamlarni haqoratlashi va ularga nisbatan kuch ishlatishi birinchi marta uchrayotgan hodisa emas. Bunga yetarli dalil va asoslarimiz bor.
2019 yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ tahririyatiga o‘sha vaqtda Olmazor tumani hokimi bo‘lgan Baxtiyor Rahmonov ustidan shikoyat kelib tushdi. Shikoyatda uning majlislarni so‘kinib o‘tkizishi, odamlarni haqorat qilishi, ba’zan kuch ishlatishi aytilgan va asos sifatida u o‘tkazayotgan majlislardan biridan ovozli yozuv yuborilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay mazkur audioyozuv QALAMPIR.UZ’da e’lon qilindi.
Audioyozuvda hokim Baxtiyor Rahmonov yig‘ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so‘kib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlayotgani, qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilayotganini tinglash mumkin.
QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, ushbu yig‘ilishda tumanda joylashgan banklar – “Davr Bank” XATB, “Asia Alliance Bank” ATB, “Hamkorbank”, TIF Milliy Bank, “Ipak Yo'li” AITB, “Xalq bank”, “Sanoatqurilishbank” ATB, “Ipoteka” ATB, “Asaka bank”ning tuman filiallari rahbarlari va xodimlari ishtirok etgan. Hokim yig‘ilishda tumanda eksportni oshirish, eksportyorlar bilan ishlash bo‘yicha o‘dag‘aylab bank xodimlariga murojaat qilgan.
“Yig‘ilishda ayollar ham bor edi. Ular hokimning bunday so‘kong‘ichligiga o‘rganib ketishgan. Bank rahbarlarini ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan ogohlantirdi. Tuman eksport salohiyati bilan orqada qolayotganidan jig‘ibiyron bo‘lgan Baxtiyor Rahmonov bank rahbarlariga zudlik bilan eksportni oshirish talabini qo‘ydi. Bank xodimlari tadbirkor bo‘lmasa, eksportni qanday oshirsin?”, degan edi yig‘ilishda ishtirok etganlardan biri QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda.
Shundan so‘ng Rahmonovning boshqa xurmacha qiliqlari xususida ham ma’lumotlar oldik. QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, u Olmazor tumani “Suvsoz” rahbarini mahallalarda birida yo‘l chetiga uyib qo‘yilgan tuproq ustiga cho‘kkalab o‘tirishga, maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasini esa oyoqyalang bo‘lib yurishga majbur qilgan. Albatta, bunday “izdevatelstvo”lar haqoratlarsiz bo‘lmagan. O‘sha vaqtda QALAMPIR.UZ’da bularni isbotlab beruvchi dalillar, “Suvsoz” rahbari va bog‘cha mudirasi bilan audiosuhbat bo‘lgan, biroq ikki tarafning oilasi sha’ni, quda-andalar o‘rtasidagi maqvei yuzasidan iltimoslari nazarda tutilgan holda e’lon qilinmagan.
2019 yildagi dalillar bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilganimizda, Baxtiyor Rahmonovning so‘kishlari ustidan taftish o‘tkazish shahar hokimining yagona ayol o‘rinbosari Dilbar Najmutdinovaga topshirilgandi va xonim Najmutdinova ayblovlarni rad etgan.
Keyinroq, QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan holat bo‘yicha muloqot qilgandi. O‘shanda Norboyeva QALAMPIR.UZ “postupka”larini noto‘g‘ri deb aytgandi. Ortiqxo‘jayev esa audiodagi ovoz Baxtiyor Rahmonovniki ekaniga shubha bildirib, Hojiboy Tojiboyevning ovozini o‘xshatib bera oladiganlarni topib berishi mumkinligini aytgandi.
Xo‘sh, navbatdagi holatda ko‘p yillik faoliyati davomida so‘kong‘ichlik va odamlar bilan muloqotda qo‘pollikda ayblanib kelgan Rahmonovga vazirlikning tishi o‘tarmikin? Yo poytaxt hokimi o‘rinbosarining viloyatda ham ko‘lankasi maydonmi? Kuzatamiz.
LiveBarchasi