Hokimlarning turizm bo‘yicha faoliyati baholab boriladi
Jamiyat
−
24 fevral 2020
5163O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizm xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining turizm sohasidagi faoliyati samaradorligini baholash mezonlari ishlab chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasi:
a) 2019-2025 yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining turizm sohasidagi faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi quyidagilarni ta’minlaydi:
• maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;
• maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarish bo‘yicha joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan hisobotlari eshituvi bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasi Prezidiumi yig‘ilishini tashkillashtirish.
b) milliy bozorda turizm sohasida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan turizm xizmatlarini yaratilishi zarur innovatsion biznes-g‘oyalar ro‘yxatini tasdiqlash.
Madaniyat vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi respublika madaniy meros ob’ektlari hududlarida “Ozod hudud” mexanizmini joriy qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
• madaniy meros ob’ektlariga “Toza hudud” maqomini berish;
• madaniy meros ob’ektlari hududlarida chiqindi qutilarini yetarli miqdorda o‘rnatish;
• madaniy meros ob’ektlari hududlarini obodonlashtirish va har kungi tozalash ishlarini amalga oshirish;
• “Toza hudud” maqomiga ega madaniy meros ob’ektlari hududlariga keluvchilar uchun o‘zini tutish qoidalari, shu jumladan axlat tashlash mumkin emasligi bo‘yicha eslatma ishlab chiqish.