Hokimlarni sazoyi qilgan shanbalar. Bunda qanday sir bor?

Tahlil

image

Joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qarata aytgan gaplari yozilgan audio tarqalgan edi. 14 daqiqalik ovozli yozuvdan kesib olingan va bir-biriga ulangan qisqa ovoz ijtimoiy tarmoqrlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu orada Ortiqxo‘jayev qattiq tanqid qilindi. Ko‘p o‘tmay ovozli yozuvning to‘liq talqini mavjudligi, Ortiqxo‘jayevning gaplari atayin shu alfozda tarqatilgani ma’lum bo‘ldi. Hokim va nashr kelishib oldi. 

Masalaning yana boshqa jihati ham borki, buni bizga bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva eslatdi. O‘zbekistondda so‘nggi bir yil ichida amaldorlar bilan sodir bo‘lgan ana shunday hodisalar – suratlar, video va fotolar haftaning aynan shanba kuni sizdirilgan. Dam olish kunlari xalqning elagida elangan mansabdorlar dushanbaga kelib yo elakda qolgan, u uni tark etgan. Ammo, Ortiqxo‘jayev qoldi. Ko‘p elandi, taxminlar ham g‘oyat boshqacha edi. Oxiri bunday bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz...

Keling, shu o‘rinda o‘tgan bir yilga nazar tashlab, shanba voqealariga e’tibor qaratsak. 

2018 yil 27 oktyabr – shanba. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari Zoyir Mirzayevga oid suratlar tarqalgandi. O‘shanda Mirziyev Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Murodov, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sharof Ahmedov, “Ozod” MFYning oqsoqoli Zokir Musabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligini rahbari Abror Mavlonov va “Abdunosir” fermer xo‘jaligi rahbarini suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirgandi. Bunga esa ular g‘alla bilan bog‘liq topshiriqlarni vaqtida bajarmagani sabab qilib ko‘rsatilgandi. 29 oktyabr, dushanba kuni Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi. 

2019 yil 29 iyun – shanba. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni haqorat qilgani aks etgan audioyozuv tarqalgandi. “Nega menga bunaqa aql beryapsan, ey oblzdravning boshlig‘i, iflos, maraz, latta. Ey seni o‘zi nimadan xabaring bor, aytgin! Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa, anavu marazing, vazirchang iflos, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, Andijondan chiqqan, Genprokurorga xat kirgizibdi. Shpritsni unaqa qilib o‘tkazyapti, perchatkani munaqa qilib o‘tkazyapti tender qilmasdan. Sen marazsan, dudkasan sen, erta-indin boshingni yeyman, sen iflosni. Genprokuror menga aytyapti, Shuhrat aka borib vazir bilan gaplashivoling, mana bunday xat qilyapti, deb. Men shpritsni kirgizdirib, katta xolamnikiga olib ketyapmanmi? Nimasiga e’tirozing bor, sifatsiz deganmishsan, iflos? Sen, kak medik tushunadigan bo‘lsang, nimasi sifatsiz uni?”, degan edi Abdurahmonov. 

Viloyat hokimligi dushanbani kutmay, 30 iyun yakshanba kuniyoq “Yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan”, degan bayonot bilan chiqdi. Hech kim hech kimdan uzr so‘ramadi, katta davralarda muhokama qilinmadi. 

Oradan vaqt o‘tdi, Shodmonov ham, Abdurahmonov ham binoyidek ishlab yurishibdi. 

2019 yil 24 avgust – shanba. Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevga oidligi aytilgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqaldi. Rahmatullayev ham dushanbagacha bormadi. 26 avgust, dushanba kuni Andijon shahriga yangi hokim tayinlandi.

2019 yil 28 sentyabr – shanba. Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ro‘molli ayollar haqida aytgan haqoratomuz gaplari ijtimoiy tarmoqni jumbushga keltirdi. Shanba kuni kechasi sizdirilgan audioyozuv yakshanba tongidan boshlab muhokamalar maydonining asosiy mavzusiga aylandi. 30 sentyabr kuni O‘zbekiston parlamenti tarixida ilk bor Senatning odob komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Shuhrat G‘aniyev o‘tinib-o‘tinib uzr so‘radi va Senat unga uch oy muhlat berdi. 

2019 yil 16 noyabr – shanba. Yuqorida ta’kidlaganimizdek Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ovozli yozuvi tarqaldi. 22 soat davomida turli bildirishlar, bayonotlar, ishchi guruhlarning tuzilishi... 22 soat o‘tgach, hammasi tin oldi. Dushanbaga kelib suv butkul boshqa tarafga oqa boshladi. Suv bir loyqalanib tinadi, deganlari shu bo‘lsa kerak. 

Bularni sarhisob qila turib, o‘ylab qolasan kishi. Nega shanba? Nega aynan hafta oxiri? Nega ijtimoiy tarmoq va nega deyarli har bir-bir yarim oyda? Bunday audioyozuvlar va videolarning sizdirilishidan kim manfaatdor? Ayrimlar shaxmat taxtasida o‘yinni o‘z foydasiga hal qilishi, ommaning shovqinidan foydalib, parda ortidagi maqsadlarini amalga oshirib olishiga OAV, jamiyat, odamlar zamin yaratib bermayaptimi? 


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Jahongir Ortiqxo'jaev Shuhrat G'aniev Shuhrat Abdurahmonov Dilmurod Rahmatullaev

Baholaganlar

583

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing