Hokimlarga bog‘chalarni ta’mirlashga noyabrgacha muhlat berildi

Jamiyat

image

Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlashga, yana 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirishga joriy yilning 1 noyabrigacha muhlat berildi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilda bog‘cha o‘rinlarini qo‘shimcha 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tumanlar hokimlari qolgan o‘rinlar nima hisobidan yaratilishini o‘ylamayotgani tanqid qilindi. Misol uchun, 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mirga muhtoj bo‘lgani uchun bo‘sh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bog‘chani qurish va ta’mirlash 2-3 yildan beri cho‘zilmoqda. Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bog‘cha hali ta’mirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bog‘cha qurilishi yakunlanmagan.

Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlashga, yana 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirishga 1 noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistondagi har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilangani xabar qilingandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha videoselektor yig'ilishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing