Hokimlar hududlarning begi emas, xalqning yollanma ishchisi — Ruslanbek Davletov
Jamiyat
−
08 fevral 2022
12052O‘zbekistondagi hokimlar va soha rahbarlari o‘z hududi hamda sohasining begi emas, balki xalqning yollanma xizmatchisi. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov kecha, 7 fevral kuni jamoatchilik vakillari uchun o‘tkazilgan Matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Anjumanda vazir hamma hokimlik qarorlari “e-qaror” tizimida shaffof chiqishni boshlashi ortidan rezonanslar ham kuzatilayotganini alohida urg‘uladi.
“Hamma hokimiyat qarorlari “e-qaror” tizimida shaffof chiqishni boshladi. Byudjetdan qancha pul ajratilyotgani ochiq aytilyapti. Bizga ham monitoring nazorat qilish oson bo‘ldi. Chunki oldin borib, ko‘rib, tekshirar edik. Hozir hammasini ko‘rib turamiz, chunki biz, adliya tizimi, “back” ofisda o‘tiramiz. Negaki vasiyat va boshqa holatlar bilan bog‘liq bo‘lgan yopiq hujjatlar ham bo‘ladi. O‘sha paytda mahalliy byudjet pulini sarflashni ham yopishga harakat qilingan holatlar bor. Ko‘rsatkisi kelmaydi. “Bitta haykalga shuncha pulmi”, deb jamoatchilik darrov ko‘taradi. To‘ppa-to‘g‘ri, ko‘tarish kerak. Balki shu orqali qaysi tomong pul ketqazish bo‘yicha qadriyatlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olarmiz”, deydi vazir Davletov.
U so‘zida davom etib, hokimlar qarori e’lon qilinadigan “e-qaror” ko‘plarga yoqmayotganini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u bu tizim vazirliklar uchun ham joriy etilishini bildirdi.
“Ko‘p hokimliklarga yoqmayapti. Ammo biz qattiq turibmiz, bu o‘rinda hukumat rahbari, bevosita Prezident judayam qo‘llab-quvvatlayapti.
2022 yildan vazirliklarga ham “e-qaror” tizimini tatbiq etmoqchimiz. Vazirliklar qarorlari ham shunday bo‘lsin. Chunki vazirliklar ham juda ko‘p pul sarflaydi, juda ko‘p “ishlar”ni qiladi. Hokimliklar 2500 ta noqonuniy qaror qabul qilganini aniqladik. Aslida, bu juda katta raqam. 90 mingta qaror qabul qilingan bo‘lsa, ideal holatda 10-20 ta noqonuniysi chiqishi kerak”, dedi Adliya vaziri.
Vazir hokimlar bir ish qilishdan oldin o‘ylashi uchun hamma narsa ochiq bo‘lishi kerakligini aytib, yaqin-yaqingacha fermerni majlisga kelmagani uchun jarimaga tortish holatlari bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
“Hali ko‘p ishlashimiz kerak. Chunki 2-3 yil oldin fermer selektorga kelmasa, jarima degan qarorlarimiz ham bo‘lgan. Yoki bo‘lmasa, nikoh yoshi 18 yosh qilib belgilangan. Hokim vasiy sifatida uni bir yoshga kamaytirishi mumkin. Lekin 2 yoshgacha, 16 yoshda, ruxsat berib yuborgan holatlari bor. Qonunda 18 yosh etib belgilangan bo‘lsa, jamiyatimizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun qarorlar, hamma narsa ochiq bo‘lganidan keyin, ertaga o‘ylanib, bu ishni qilmaydigan bo‘ladi, yaxshi effekt beradi”, deydi hukumat vakili.
Davletov ma’muriy islohotlar haqida gap ketganda hokimlar 8 soatlik ish vaqtini tanqid qilishini, ammo bu Konstitutsiya va mehnat qonunchiligida yozib qo‘yilganini urg‘uladi. Vazir hokimlarning qadriyatlari qay darajada ekaniga e’tibor qaratib, shunday dedi:
“Ko‘plari ma’muriy islohotlar bo‘yicha taklif so‘raganda bizni tanqid qilyapti. Ayrim hokimlar “bu adliya tizimidagilar faqat 8 soat ishlaydi, boshqa ish qilmaydi”, deydi. O‘zi qonun bo‘yicha 8 soat ishlash kerak-ku. Ba’zi rahbarlarning qadriyatlari qandayligini ko‘ryapsizlarmi?! Konstitutsiyada yozilgan mehnat huquqi bo‘lsa, Mehnat kodeksida yozilgan normalar bo‘lsa, 8 soat ishlashni majlislarda tanqid sifatida gapirish qanaqa qoloqlik?
Shuning uchun biz doim aytamiz, hududlardagi yoki soha rahbarlari o‘zini shu hudud yoki soha begi emas, balki xalqning yollanma ishchisi ekanini tan olsa, qadamlari umuman o‘zgaradi. U yollanma ishchi, biz ham yollanma ishchimiz. Qonun turibdi va qonundan hech kim ustun bo‘lolmaydi. Bu qadriyatlarni biz singdirishimiz kerak”, deydi vazir Ruslanbek Davletov.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, “e-qaror” platformasi orqali hokimliklarning ko‘plab munozarali qarorlari suv yuziga qalqib chiqdi. Toshkent shahar hokimligiga sovg‘a qilingan va asl egasi turli taxminlar bildirilgan 250 ming dollarlik Mercedes-Benz avtomobili misol bo‘ladi.
Bundan tashqari, hududlarda sodir bo‘lgan va jamoatchilikka e’lon qilinmagan qator is gazidan zaharlanish holatlari ham “e-qaror” orqali ommaga ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi