Hidoyatov davrida 781 gektar yer Prezident farmoniga xilof ravishda berib yuborilgani aytildi

Jamiyat

image

Ayni vaqtda Chirchiq shahar hokimi lavozimida ishlayotgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyatida hokim bo‘lib ishlayotgan davrida mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga 781 gektar yer maydoni Prezident farmoniga xilof tarzda ajratilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senatning 23-yalpi majlisida ma’lum qildi. 

“O‘zbekistonda yer ajratish allaqachon auksion orqali amalga oshirish tizimiga o‘tganiga qaramay, baribir to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratishga harakatlar bo‘lmoqda”, deydi Ruslanbek Davletov.

Uning qayd etishicha, Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 2021 yilning oktyabr oyida 781 gektar yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish haqida qaror qabul qilingan. 

“Juda katta tushuntirildi, mumkinmas deyildi, hammasi olib qo‘yildi, qo‘lidan registratsiya kitoblari ham olib qo‘yildi. 781 gektar yer maydonini bir MCHJga shundoq berib yuboryapti. Har xil bahonalar: biriktirib qo‘yish, vaqtincha foydalanish, berib turish. 

Biz hozir shu qaror bo‘yicha sudlashyapmiz, taqdimnoma kiritdik, bekor qilinmadi. Baribir hammasini oxiriga yetkazamiz”, deydi vazir Davletov  

Davletovga ko‘ra, “E-qaror” tizimi ishga tushgandan keyin ham 150 ta holatda to‘g‘ridan to‘g‘ri yer berish holatlari aniqlangan. U bu holatlarning ortidan tushganini, hammasini joy-joyiga qo‘yishini aytdi.

Ma’lumki, 2021 yilning 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan bo‘lib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan:

•    yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish, bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlar mustasno;

•    tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;

•    sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;

•    jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;

•    xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.

Qonunchilik hujjatlarida ushbu Farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan to‘liq bekor qilindi. 

Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlandi. 

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etilib, Chirchiqqa “surgun” qilindi. Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Zoyir Mirzayev esa Toshkent viloyati hokimi etib tayinlandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov Davron Hidoyatov

Baholaganlar

238

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing