Jim turamiz, aqllilik qilmaymiz – Adliya vaziri ulamolarga dakki berdi
Jamiyat
−
07 fevral 2022
28414Joriy yilning yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan, Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Mahkamovich Ortiqxo‘jayevning Xorazm va uning odamlari haqidagi fikrlari keskin muhokamalarga sabab bo‘lib, buning ortidan Solixon domla ishdan olindi.
Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov jamoatchilik vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida diniy soha vakillarining bahsli fikrlariga munosabat bildirdi.
Vazir avvalo 2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangilangani, unga yaxshi-yaxshi normalar kiritilgani va buni jamiyat ham yaxshi qabul qilganini ta’kidlab o‘tdi.
“Diniy tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida bir ikki og‘iz aytib o‘tish kerak. Imomlarni juda hurmat qilamiz. Har xil fikrlar bildirib, bu fikrlar jamiyatda muhokama bo‘lmoqda. Biz huquqshunos bo‘lganimiz uchun huquqiy tomoniga e’tibor qaratishimiz kerak”, deydi Davletov.
Vazir axloqiy masalalarning chegarasi yo‘qligini, jamiyatda axloqiy standartlar turli-tuman bo‘lishini urg‘uladi. Shuning uchun u eng to‘g‘ri o‘lchov deb qonunlar ekanini ko‘rsatib, shunday dedi:
“Huquqshunoslar har doim adashmaydigan vijdon o‘lchovi qonunga bo‘ysunamiz. Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib “u ishni qilsa bunday, bu ishni qilsa bunday bo‘ladi”, “uyga kirmang” yoki viloyatlar haqidagi gaplarga biz chidolmaymiz. Huquq nuqtai nazaridan bu mumkin emas. Diniy tashkilotlar bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q”.
Amaldor bunday fikr bildirish avvalo o‘sha gapni aytayotgan insonlar kimlargadir hukm o‘qib qo‘yayotgani uchun mumkin emasligini urg‘uladi.
“Muftiy hazratlari bu holatni juda chiroyli qilib tushuntirib berdilar. Hech kimni odamlarga tamg‘a bosishga huquqi yo‘q. Odamlar xohlasa dinga ishonadi, xohlamasa yo‘q. Balki tarki dunyo qilib yashashni tanlar. Bu har bir odamning konstitutsiyaviy huquqi. Shu sababli ham qonunda belgilangan huquqlar, qonunda belgilangan kafolatlarni ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, chiqib inkor qila olmaydi. Bu signalni barcha diniy tashkilot va domlalarimizga yetkazishni istardik”, deydi Ruslanbek Davletov.
U so‘zida davom etib, Adliya vazirligi bu faoliyatni nazorat qilishini, idorada javobgarlikka tortish yoki taqdimnoma kiritish funksiyasi ham bor ekanini eslatgan.
“Bu masalalarda hammani fikrini bir joyga olib kelib bo‘lmaydi. Qonunda ham hamma o‘zi tanlaydi deb yozilgan. Bekorga vijdon erkinligi deb yozilmagan. Har bir odam vijdoni oldida o‘zi javob beradi. Bo‘lmasa axloqiy politsiya qilaylik. Yubkalarni uzun kaltaligini o‘lchaylik. Buni oxiri bo‘lmaydi. O‘ng oyoq, chap oyoq, o‘ng qo‘l chap qo‘l bo‘lib ketadi hamma joy. Hammada yondashuv har xil. Axloqiy nuqtai nazardan gapirishga haqqim yo‘q. Men huquqiy tomondan davlat organi sifatida gapiryapman. Bu borada ham qattiq ishlaymiz va yo‘l qo‘ymaymiz”, deya izoh bergan vazir.
Davletov kishi o‘zi mutaxassis bo‘lgan sohada fikr bildirishi kerakligi, malakasi yetmagan o‘rinlarda sukut saqlashi to‘g‘ri bo‘lishini qayd etgan.
“Domlalarimiz har xil sohada gapiradi. O‘zi odam hamma sohada mutaxassis bo‘la olmaydi. Men ham huquq sohasining ayrim yo‘nalishlarini bilaman. Qolganlari bo‘yicha biz ham jim turamiz. Chunki malakamiz yetishmaydi, shuning uchun aqllilik qilmaymiz. Devid Friman degan olim shunday degan: “Do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini odamlarning o‘zlariga qo‘yib bering”. Bu katta olimlar bekorga aytmagan. Jamiyat rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega. O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchovga qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya so‘zini yakunladi vazir.
LiveBarchasi