Hokim va uning o‘rinbosarlari vakolatining chegarasi belgilab qo‘yiladi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining “2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani haqida xabar bergandik.

Hujjatda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi Davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish  maqsadida ishlab chiqish belgilangan.

Farmoyishga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishda hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash, davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, rahbar o‘rinbosarlarining yo‘nalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash, vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish kabilar ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Shuningdek, “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish, davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish va fuqarolarning sansalorligiga barham berish, vazirlik va idoralarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektoriga o‘tkazish, tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarini bitta ma’muriy binoga joylashtirish orqali aholiga “Yagona darcha” tizimi asosida xizmat ko‘rsatish, tender va tanlovlarni ochiq va shaffof holda o‘tkazish tizimini takomillashtirish ham muhim yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan.

Bundan tashqari, dasturdan kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni to‘liq joriy qilish, o‘z ustida ishlamaydigan va mas’uliyati bo‘lmagan kadrlarga nisbatan “jamoaviy ta’sir”ni amalga oshirish, vazirlik va idoralarda yagona kadrlar reytingini yuritish, davlat xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmatlar va vositalar paketini ishlab chiqish, xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish kabi masalalar ham o‘rin oladi.


Maqola muallifi

Teglar

hokim

Baholaganlar

178

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing