Hokim o‘rinbosarining xayriya pullarini “rastrata” qilishi. Voqea tafsiloti
Jamiyat
−
19 may 2020
14577Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. va tuman “Mahalla“ xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mahalla“ xayriya jamoat fondiga hamda 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln so‘mni talon-taroj qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilgan va quyidagilar aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 213-sonli Farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, fondning hududiy bo‘linmalari, xususan, “Mahalla” fondi Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tashkil etilgan. Shunga ko‘ra, joriy yilning 23 aprel kuni OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on filialida “Mahalla” fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining maxsus hisob raqami ochilgan.
Jamg‘armaga kelib tushayotgan homiylik va xayriya mablag‘lari haqidagi kunlik ma’lumotlar “Mahalla” fondi Toshkent viloyati bo‘lim boshqaruviga taqdim etib borilgan.
Jamg‘armaga kelib tushgan xayriya mablag‘larining sarflanishiga doir tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tumani kengashining 2020 yil 27 apreldagi VI/VII-II-sonli Qarorining 5-bandiga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish maqsadida tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishga ruxsat berilishi belgilangan.
Shuningdek, tuman kengashi qarorining 6-bandida OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on tumani filiali boshqaruvchisi A.Xamroyevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi pul mablag‘larini naqd pul ko‘rinishida taqdim qilishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
O‘rganish jarayonida xabarlarda tilgan olingan, muqaddam fondning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi katta buxgalteri lavozimida ishlagan fuqaro —Bobur Zayirovich Niyozov, “Mahalla” fondi Toshkent viloyati bo‘limining 2020 yil 3 yanvardagi 01-k-sonli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilganligi aniqlandi.
Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishev muqaddam Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – “Mahalla” fondining tumani bo‘linmasi raisi lavozimida ishlagan.
Ammo shu vaqtga qadar OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on filiali mutasaddilari tomonidan M.Alishev va B.Niyozovning to‘lov topshiriqnomasiga imzo qo‘yish huquqini bekor qilish yoki imzo uchun band solish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmagan. Buning natijasida “Mahalla” fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan homiylik va xayriya mablag‘larining muayyan qismi maqsadsiz sarf etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Yetkazilgan moddiy zarar M.Alishev tomonidan to‘liq qoplangan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, kecha, 18 may kuni mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan Moliya vazirligiga 02-06/73-sonli murojaat xati yuborilib, unga ko‘ra “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi Nizomining 14-bandiga asosan jamg‘arma mablag‘larining maqsadli ishlatilishini nazoratga olinishida amaliy yordam so‘raldi.
“O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ushbu salbiy holatni hamda keng jamoatchilik va butun xalqimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirilgan xayriya mablag‘larining bemaqsad ishlatilishini keskin qoralaydi”, deyilada vazirlik bayonotida.
LiveBarchasi