Hokim qarori qonunga zid. Monopoliyaga qarshi qo‘mita Termizdagi Damas`lar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi
Jamiyat
−
04 iyul 2019
4973O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ko‘plab muhokama va noroziliklarga sabab bo‘lgan Termiz hokimining shaharda Damas taksilarining harakatini taqiqlash bo‘yicha qarori yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, natijalarini e’lon qildi.
“Aniqlanishicha, Termiz shahar hokimining 2019 yil 13 iyundagi “Termiz shahrida transport hizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Q-1773-sonli qarori bilan viloyat IIOFMB YXHBga shahar ichida harakatlanayotgan yo‘nalishli taksi (Damas)lar harakatini 2019 yil 1 iyuldan to‘xtatish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish ko‘rsatmasi berilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalari” 2-bandiga ko‘ra, avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajlarni tashish tegishli litsenziya, tender natijalari bo‘yicha belgilangan tartibda tuzilgan muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilar transportida xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tuzilgan shartnomalar (kontrakt) mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Termiz shahar hokimligi shahar ichida harakatlanayotgan yo‘nalishli taksi (Damas)lar harakatini 2019 yil 1 iyuldan to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmasi aks ettirilgan qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasi to‘rtinchi va oltinchi xatboshilari va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-son qarori talablarini buzilishiga olib kelgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan Termiz shahar hokimining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlariga baho berish yuzasidan tegishli ish yurituvga olindi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etilishicha, ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov Damas taksilarining cheklanishi bo‘yicha munosabat bildirgandi.
Adliya vazirligi esa mazkur vaziyat bo‘yicha Termiz shahar hokimligiga tegishli qarorni bekor qilish uchun 10 muhlat berganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi