Hijobga qarshilik kun tartibiga chiqdi. Erdo‘g‘an javob qaytardi

Olam

image

Turkiyada hijob o‘rash masalasi kun tartibiga chiqdi. Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakili, sobiq Madaniyat vaziri Fikri Sag‘lar “Xalq” telekanalidagi chiqishi davomida hijobga qarshi kurashish haqida gapirdi. 

“Tyurban – reaksion (bu ijtimoiy taraqqiyotga qarshilik – tahr.), shariat istaganlarning  “uniforma”sidir. Ro‘mol esa Onadoluda asrlar oshib kelgan milliy kiyim sanaladi. Ikkisining o‘rtasida juda katta farq bor. Men gumondor sifatida sudga jalb qilinganimda va tyurbanli sudyaning qarshisiga chiqqanimda, u mening huquqlarimni himoya qilishi va adolat o‘rnatishiga shubha qilaman”, deydi sobiq vazir televideniyedagi chiqishida. 

Muxolifat partiya vakilining so‘zlari mamlakat jamoatchiligidan tortib, siyosiy elitasi orasida kun tartibiga chiqdi. Boisi, hijob Turkiyada ko‘p yillardan buyon siyosiy masala sifatida kun tartibida bo‘lib kelgan. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi siyosiy liderlikni qo‘lga olgunga qadar Turkiyada hijob ba’zan rasmiy, ba’zan norasmiy taqiqda bo‘lgan. Buning tarixi esa Mustafo Kamol Otaturkning Turkiya davlatini tashkil etishi va ayollarning ro‘mol o‘rniga madaniy odamlardek shapka kiyishini targ‘ib qilishi bilan bog‘liq. Biroq, ushbu masala keyingi yillarda ham zamonaviy Turkiyani taqib qilib kelmoqda. Jamiyatdagi bo‘linish shu darajaga borib yetganki, e’tiqod va odamlarning individual diniy qarashlari telekanallarda muhokama qilinyapti, kamsitilyapti. 

Muxolifat partiya vakili Fikri Sag‘larning hijob haqidagi gaplari jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgach, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an unga javob qaytardi. U kecha, 1 yanvar kuni juma namozini Istanbuldagi “Ayo Sofiya” masjidida o‘qib, ibodat ortidan jurnalistlar bilan muloqot qildi. 

“Bu gaplarni aytgan odam hozirgi asrda yashamayapti, ancha orqada qolib ketgan. Afsuski, bu JXPga xos bo‘lgan va o‘tmishda kuzatilgan fashistik tushunchaning bugungi ifodasi va fashistik tushuncha hanuzgacha mavjud. Ya’ni, ular ro‘molli qizlarni yillar davomida universitetlar darvozasidan qaytarishgan. Agar siz dalada fermer bo‘lsangiz, ro‘mol qonuniy, agar universitetda bo‘lsa,  hijob taqiqlangan. Ana shunday mantiq bor edi”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.

Davlat rahbarining urg‘ulashicha, odamlarni kiyinishiga qarab baholash demokratiyaning belgisi emas. Uning fikricha, JXP doimiy ravishd fikr va e’tiqod erkinligini ilgari suradi, biroq amalda o‘ziga qarshi boradi. 

“Agar biz odamlarni kiyinishiga qarab baholasak, buni demokratiya, so‘z va e’tiqod erkinligi, deb bo‘lmaydi. 

Ular [Jumhuriyat xalq partiyasi vakillari]ga so‘z berganingizda, odatda e’tiqod, fikr erkinligidan gapiradilar. Bu qanday e’tiqod, qanday fikr erkinligi bo‘ldi? Yig‘ishtiring bu ishlarni! Biz 40-50 yillarda bo‘lgani kabi JXPning hamon odamlarning yashash tarizga ko‘ra ularga halal berishini ko‘rishni istamaymiz”, deydi Prezident

Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, muxolifat partiya raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li partiyaga hijobli ayollarni ishga olishi bu faqat ko‘zbo‘yamachilik uchunligini urg‘uladi. 

“Kamolbey ham yoniga ikki hijobli ayolni olib, bu bilan millatni aldashni bas qilsin. Xalqni alday olmaysizlar, u davrlar o‘tdi. Yoningga ikki emas, yigirma nafar hijobli ayollarni olsang ham sening kimligingni xalq yaxshi biladi. Ayollarning hijobi bilan shug‘ullanishdan foyda yo‘q. Va hijoblilarni sud, prokuratura, politsiya va mamlakatdagi barcha muassasalarda uchratasiz”, deydi Erdo‘g‘an. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

1392

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing