“Hizbulloh” sulh taklifini rad etdi
Olam
−
05 iyun 2198 2 daqiqa
“Hizbulloh” joriy yilning 3 iyun kuni AQSH vositachiligida Isroil va Livan o‘rtasida kelishilgan yangi o‘t ochishni to‘xtatish bitimini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Guruh yetakchisi Naim Qosim janubiy Livandan jangchilarni raqib tomonga yon berib olib chiqish talabi “taslim bo‘lish va mag‘lubiyat” bilan teng ekanini aytgan. U muzokaralarni “bema’ni, kamsituvchi va haqoratli” deb atab, “Hizbulloh” harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday majburiyat olmaganini ta’kidlagan.
“Qishloqlarimiz xavfsiz bo‘lmaguncha, Isroilning shimoli ham xavfsiz bo‘lmaydi”, degan Qosim.
Livan Prezidenti Jozef Avn esa “Hizbulloh” rad etgan kelishuvni urushni to‘liq to‘xtatish uchun “so‘nggi imkoniyat” deb atagan. U Livan barcha tomonlardan javob olingandan keyin kelishuvni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.
Kelishuvga ko‘ra, Livan armiyasi “xavfsizlik hududlari” ustidan nazorat o‘rnatishi, “Hizbulloh” jangchilari esa bu hududlarni to‘liq tark etishi kerak edi. Hujjatda “Hizbulloh” Isroil, AQSH va Livanning dushmani sifatida baholanib, guruhni tarqatib yuborish nazarda tutilgan. Biroq Livan hukumati buni kuch ishlatib amalga oshirish imkoniyatiga ega emasligi qayd etilgan.
Eron ham Livandagi mojaroni hal etishni AQSH bilan bo‘ladigan har qanday kengroq kelishuvning sharti sifatida ilgari surgan. Ismoil Qoniy, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining “Quds” kuchlari qo‘mondoni, nafaqat o‘t ochishni to‘xtatish, balki Isroil qo‘shinlarini urush boshlanishidan oldingi pozitsiyalariga qaytarishni ham talab qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa diplomatik muvaffaqiyatsizliklarning ahamiyatini kamaytirib, jurnalistlarga Yaqin Sharqda “o‘t ochishni to‘xtatish – bu shunchaki sekinroq o‘q uzish” ekanini aytgan.
Shu bilan birga, Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Isroil armiyasi Livan hududiga zarbalar berishda davom etishini va hozircha mamlakat janubidan qo‘shinlarni olib chiqish rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Livandagi janglar boshlanganidan buyon 3 500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 1,2 milliondan ziyod odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil tomoni esa 27 nafar harbiy va 3 nafar tinch aholi vakilini yo‘qotgan.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimlari bir necha bor e’lon qilinganiga qaramay, janglar davom etmoqda. “Hizbulloh” 28 fevral kuni Isroil va AQSHning Eronga bergan zarbalaridan keyin hujumlarni qayta boshlagan. Shundan so‘ng Isroil armiyasi Livan hududining qariyb beshdan bir qismini nazorat ostiga olgani aytilmoqda.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun