“Hizbulloh” bazalarida Rossiya qurollari topildi – Netanyaxu
Olam
−
17 Oktabr
4971Isroil askarlari “Hizbulloh” bazalarini tintuv qilish chog‘ida Rossiyaning “eng zamonaviy” qurollarini topdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 16 oktyabr kuni Fransiyaning “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Siyosatchining aytishicha, BMTning 2006 yildagi rezolyutsiyasiga ko‘ra, Isroil va Livan chegarasidan oqib o‘tuvchi Letani daryosining janubida faqat Livan armiyasiga qurol-yarog‘ berilishi mumkin.
“Ammo “Hizbulloh” bu hududda yuzlab tunnel va yashirin joylar qazdi, u yerda biz hozirgina zamonaviy rus qurollarining bir nechta birliklarini topdik”, deydi Netanyaxu.
“The Washington Post”ning Isroil rasmiylariga tayanib yozishicha, Livan janubida Isroil bosqini chog‘ida Rossiya va Xitoyning tankka qarshi qurollari topilgan.
Ma’lumot uchun, 23 sentyabr kuni Isroil Livanda “Hizbulloh” kuchlariga qarshi “Shimolning o‘qlari” operatsiyasini boshlab yubordi va bu operatsiya davomida tashkilotning harbiy nishonlariga katta zarbalar berdi. 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil armiyasi Livan janubidagi chegara hududlarida quruqlikdagi operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Vazirlar kengashining yopiq yig‘ilishida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT rezolyutsiyasi asosida paydo bo‘lgan yahudiy davlatining vujudga kelgan sharoitlarini eslashi kerakligini aytgandi.
LiveBarchasi