“Hizbulloh” allaqachon mag‘lub bo‘ldi – Isroil Kats
Olam
−
11 noyabr
3652Isroilning yangi Mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakat qo‘shinlari Livanning “Hizbulloh” harakatini jang maydonida mag‘lub etganini aytdi. Bu haqda u kecha, 10 noyabr kuni mamlakatning yangi Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning inauguratsiya marosimida so‘z ochdi.
“Amalga oshirgan zarbalarimiz “Hizbulloh”ni mag‘lub etdi va Hasan Nasrullohni yo‘q qildi. Bizning vazifamiz bu g‘alabaning mevasini olish uchun bosimni davom ettirishdir”, degan Kats.
Katsning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Livanning ichki siyosatiga aralashishdan manfaatdor emas, chunki u “saboq olib bo‘lgan”. Vazir o‘z bayonotining ma’nosini izohlamagan, biroq bu 2006 yil voqealariga ishora bo‘lishi mumkin. Isroilda bu voqealar “Ikkinchi Livan urushi” deb ataladi.
Mudofaa vaziri o‘z nutqida, boshqa narsalar qatorida, xalqaro koalitsiya “Hizbulloh”ning sezilarli darajada zaiflashuvi bilan bog‘liq vaziyatdan siyosiy maqsadlarda foydalanishiga va Livan janubiy qo‘shnisi bilan munosabatlarni normallashtirishda boshqa mamlakatlarga qo‘shilishiga umid bildirgan.
Biroq Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining kecha, 10 noyabr kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, birgina o‘sha kunning o‘zida Isroilning mamlakatning turli hududlarida davom etayotgan havo hujumlari oqibatida kamida 38 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Shuningdek, Bayrut shimolidagi Alamat qishlog‘idagi turar-joy binosiga Isroil Mudofaa kuchlari tomonidan yo‘llangan aviatsiya zarbasida kamida 23 kishi, jumladan voyaga yetmagan yetti kishi qurbon bo‘lgan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, bular mamlakat janubidagi janglardan qochib ketgan oilalardir.
Isroil harbiylari ham havo hujumini tasdiqlagan. Biroq Isroil Mudofaa vazirligi hujum nishoni shahardagi “Hizbulloh”ning qurol-yarog‘ omborlari bo‘lgani, tinch aholi orasida qurbonlar borligini istisno qilish uchun zarbadan oldin havodan razvedka olib borilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tel-Avivdagi Isroil Mudofaa vazirligi majmuasida yahudiy davlati mudofaa idorasining yangi rahbari Isroil Katsning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Marosimda so‘zga chiqqan Kats uning maqsadi “Eron tajovuzini to‘xtatish,” HAMAS rahbariyati va “Hizbulloh” harbiy salohiyatini yo‘q qilish hamda bu urushda Isroil g‘alaba qozonishiga ishonchi komil ekanligini aytgandi. Isroil Mudofaa vazirligining yangi rahbari “asosiy ma’naviy maqsad” G‘azo sektoridagi HAMAS tomonidan garovga olinganlarni uyiga qaytarish ekanligini qo‘shimcha qilgan edi.
LiveBarchasi