Hirotda Erondan qochqinlarni olib kelayotgan avtobus odamlari bilan birga yonib ketdi (video)
Olam
−
20 avgust 6450 2 daqiqa
Kecha, 19 avgust kuni Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida Eron hududidan deportatsiya qilingan qochqinlarni olib ketayotgan yo‘lovchi avtobus yuk mashinasi va mototsikl bilan to‘qnashib, yonib ketishi oqibatida kamida 71 kishi, jumladan 17 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatdagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining vakili Ahmadullo Muttaqi ma’lum qildi.
Viloyat politsiyasiga ko‘ra, halokatga avtobusning “haddan tashqari tez harakatlangani va haydovchining beparvoligi” sabab bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lganlar oxirgi oylarda Eron hududidan deportatsiya qilingan yoki majburan chiqarib yuborilgan afg‘onistonliklarning katta to‘lqini tarkibiga kiradi.
Mazkur hodisa Eron Ichki ishlar vaziri Iskandar Momeniy keyingi yilning mart oyigacha yana 800 ming kishini mamlakatni tark etishga majbur qilishini e’lon qilganidan bir kun o‘tib yuz bergan. Hirot viloyati rasmiysi Muhammad Yusif Saidiyning ma’lum qilishicha, avtobus Eron bilan chegaradosh Islom Qal’a nazorat-o‘tkazish punktidan chiqqan va poytaxt Qobulga yo‘l olgan.
“Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihullo Mujohid ham qurbonlar Eron hududidan deportatsiya qilinganini tasdiqlagan, biroq qo‘shimcha ma’lumotlar hozircha yo‘qligini bildirgan.
Halokat Hirot shahri yaqinidagi Guzora tumanida sodir bo‘lgani, to‘qnashuvda mototsikl ham qatnashgani aytilmoqda. Qurbonlarning aksari avtobusdagi yo‘lovchilar bo‘lsa-da, yuk mashinasida bo‘lgan ikki kishi hamda mototsikldagi yana ikki kishi ham halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda yo‘l-transport hodisalari tez-tez sodir bo‘ladi. Bunga o‘nlab yillik urushdan keyin yo‘llarning yomon ahvolda ekani, magistrallarda xavfli haydash odati va nazoratning sustligi sabab qilib ko‘rsatiladi. Jumladan, o‘tgan yilning dekabr oyida markaziy Afg‘onistonda yonilg‘i tashuvchi tanker va yuk mashinasi bilan bog‘liq ikki avtobus halokatida kamida 52 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Shimoliy Marmara avtomobil yo‘lida yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib ketishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgandi, yana 26 kishi jarohat olgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr