Hindistondagi dahshatli aviahalokatning sababi aniqlandi
Olam
−
12 iyul 17611 2 daqiqa
Hindiston Aviatsiya hodisalarini tergov qilish byurosi Air India aviakompaniyasiga tegishli Boeing 787-8 Dreamliner samolyotining halokatini tergov qilish bo‘yicha komissiyaning dastlabki hisobotini e’lon qildi. Bu haqda “Channel News Asia” xabar berdi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgandan atigi uch soniya o‘tib, dvigatel yonilg‘i tizimidagi kalitlar o‘chib qolgan, buning oqibatida dvigatellarga yoqilg‘i yetkazilishi to‘xtagan.
15 betlik hisobotda aytilishicha, samolyot maksimal tezlikka erishgan zahoti 1 va 2-sonli dvigatellardagi yonilg‘i kalitlari ketma-ket, har biri bir soniyalik farq bilan “Ishga tushirish” holatidan “O‘chirish” holatiga o‘tgan.
Uchuvchilar kabinasidagi audioyozuvda bir uchuvchining boshqasidan “Nega yonilg‘ini to‘sib qo‘yding?” deb so‘ragani, ikkinchisining esa “Men hech nima qilmadim” deb javob bergani qayd etilgan.
Shundan so‘ng, samolyot balandlikni tez yo‘qota boshlagan. Kalitlar qaytadan “Ishga tushirish” holatiga o‘tkazilgan va dvigatellarda kuch qayta paydo bo‘lgandek bo‘lgan, ammo pilotlardan biri favqulodda holat signali uzatgan.
Halokat joyida yonilg‘i kalitlari ishchi holatda topilgan. Hisobotga ko‘ra, bu kalitlar qulashdan biroz oldin qayta yoqilgan bo‘lishi mumkin.
AQSH aviatsiya xavfsizligi eksperti Jon Koksning ta’kidlashicha, bunday kalitlarni uchuvchilar tasodifan o‘chirib qo‘ya olmaydi – ular faqat favqulodda holatlarda, masalan, dvigatel yong‘inida o‘chiriladi. Ammo bunday holat hisobotda qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyun kuni Gujarat shtatining Ahmadobod shahri yaqinida Air India aviakompaniyasining samolyoti havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushgandi. Bortda 242 kishi, jumladan, 2 uchuvchi va 10 bort kuzatuvchi bo‘lgan.
Samolyot shifokorlar uchun mo‘ljallangan yotoqxonaga urilishi oqibatida nafaqat samolyotdagi yo‘lovchilar, balki binoda bo‘lgan kishilar ham halok bo‘ldi. Qurbonlar soni 290 kishiga yetgan.
Fojiada omon qolgan yagona yo‘lovchi Buyuk Britaniya fuqarosi Vishvakumar Ramesh bo‘lib, u jurnalistlarga hodisa tafsilotlarini so‘zlab bergan.
Live
Barchasi