Hindistondagi aviahalokatda 110 kishi qurbon bo‘ldi – OAV (video)
Olam
−
12 iyun 8930 2 daqiqa
Avvalroq, Air India aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyot G‘arbiy Hindistonda halokatga uchragani xabar qilingandi. Ushbu hodisa oqibatida 110 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda mahalliy “TimesNow” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti bortda 242 kishi bilan Ahmadoboddan Londonning Gatvik aeroportiga uchayotgan bo‘lgan. Aviakompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida bergan bayonotida samolyot parvozdan so‘ng halokatga uchraganini bildirgan. Yo‘lovchilar orasida 169 nafar Hindiston fuqarosi, 53 britaniyalik, 1 kanadalik va 7 portugaliyalik bo‘lgan. Halok bo‘lmaganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib borilmoqda, ammo ularning soni hozircha ochiqlanmagan.
Ahmadobod xalqaro aeroporti halokatdan so‘ng vaqtincha yopilgan.
“TimesNow”ga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgach darhol “favqulodda signal” uzatgan. U maksimal 190 metr balandlikka chiqqach, keskin pasaya boshlagan. Halokat sababi hali aniqlanmagan. Samolyot aeroport hududidan tashqarida qulagan.
Voqea joyiga tez yordam mashinalari, yong‘in o‘chirish xizmati, shuningdek, Milliy gvardiya va Chegara xavfsizlik kuchlari yetib borgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu Boeing 787-8 Dreamliner modeli ishtirokida ro‘y bergan birinchi yirik aviahalokat hisoblanadi. 2024 yil aprel oyida AQSHning Federal aviatsiya boshqarmasi Boeing 787 Dreamliner samolyotlari korpus qismlarining noto‘g‘ri biriktirilgani haqidagi shikoyatlar ortidan tergov boshlagan va barcha aviatashuvchilarga ushbu modeldagi samolyotlarni tekshirishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr