Hindistonda yuz bergan poyezdlar to‘qnashuvi qurbonlari soni 300 kishiga yaqinlashdi
Olam
−
03 iyun 2023
5556Kecha, 2 iyun kuni taxminan soat 7:00 larda Hindiston sharqidagi Odisha shtatida poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida 288 kishi halok bo‘ldi, kamida 900 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Khaleej times” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, voqea kecha, 2 iyun kuni kechqurun Odisha shtatining Balasor shahri yaqinida yuz bergan. Rasmiylar sodir bo‘lgan voqea haqida turli xil ma’lumotlar bermoqda. Ulardan biriga ko‘ra, jami 3 ta poyezd to‘qnashgan bo‘lib, bir yo‘lovchi poyezdining vagonlari relsdan chiqib ketgan, unga qarshi kelayotgan yo‘lovchi va yuk poyezdi ham ag‘anab ketgan.
Hindistonning ANI axborot agentligi xabariga ko‘ra, Hindiston temir yo‘llari vaziri Ashvini Vaishnav bugun, 3 iyun kuni ertalab voqea bo‘yicha batafsil ma’lumot berib, yuqori darajadagi tergov o‘tkazilishini e’lon qilgan. Hozirda barcha e’tibor favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlariga qaratilgan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi voqea munosabati bilan hamdardlik bildirgan va qurbonlarning oilalariga 2 million rupiy (24,3 ming dollar), yaradorlarga esa 50 ming rupiy (600 dollardan sal ko‘proq) to‘lanishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 iyun kuni Kolkatadan Chennayga ketayotgan Coromandel Express poyezdi Bengalurudan Kolkataga ketayotgan boshqa poyezdning relsdan chiqib ketgan vagonlariga borib urilgan. Odisha shtatdagi Balasor shahri va uning atrofidagi tibbiyot kollejlari va shifoxonalar ogohlantirilgan hamda 60 tez yordam mashinasi safarbar qilingan.
LiveBarchasi