Hindistonda o‘zbekistonlik talabalar namoz o‘qiyotganda hujumga uchragani rostmi?
Jamiyat
−
18 mart
12175Ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonning Gujarat universiteti yotoqxonasida namoz o‘qigani uchun o‘zbekistonlik, bangladeshlik va afg‘onistonlik talabalar hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 16 mart kuni soat 22:50 atrofida Gujarat universitetining yotoqxonasida yuz bergan. Yotoqxonaga yigirmaga yaqin odam bostirib kirib, xorijlik talabalarning namoz o‘qishiga e’tiroz bildirgan. Ular tarovih namozini o‘qiyotgani aytilgan.
TIV matbuot kotibining qayd etishicha, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasida konsullik ro‘yxatida turgan talabalar orasida Gujaratda o‘qiyotganlar mavjud emas.
“O‘zbekistonlik talabalardan hozirgacha diplomatik vakolatxonamizga hech qanday murojaat kelib tushmadi. Hindistonning tegishli davlat idoralari bilan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida yaqin aloqa o‘rnatilgan”, deyiladi munosabatda.
Ma’lum qilinishicha, Gujarat universitetidagi holatda O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘onada gaz portlashi oqibatida 3 nafar Hindiston fuqarosi jarohatlangandi.
LiveBarchasi