Hindistonda tunnel quladi. 40 ga yaqin kishi vayronalar ostida qolib ketdi
Olam
−
12 noyabr 2023
4539Hindiston shimolidagi Uttarakxand shtatida qurilayotgan transport tunnelining qulashi oqibatida kamida 36 ishchi vayronalar ostida qolib ketdi. Bu haqda “India Today” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 12 noyabr kuni soat 04:00 lar atrofida Uttarakxand shtatida qurilayotgan 4,5 kilometrli tunnelning 150 metr uzunlikdagi qismi qulab tushgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda inshoot ichida 36 kishi ishlayotgan bo‘lgan.
Hozirda hodisa sodir bo‘lgan hududda politsiya va Favqulodda vaziyatlar xizmati guruhi ishlamoqda. Ular avvalo tunnelga kislorod trubasini kiritish va qamalib qolgan ishchilarga yordam berish uchun tor teshik ochishga harakat qilmoqda.
“Tunnelni ochish uchun plitaning 200 metrga yaqin qismi tozalanishi kerak. Vayronalar ostida qolganlarning tirikligi noma’lum”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Char Dham Road” loyihasi doirasida qurilayotgan mazkur tunnel yordamida Uttarakxanddan Yamunotri Dhamgacha bo‘lgan yo‘lni 26 kilometrga qisqartirish rejalashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Mizoram shtati Aijal shahri yaqinida qurilayotgan ko‘prikning qulashi oqibatida 17 kishi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi