Hindistonda ham maymunchechakka chalinish holati aniqlandi
Olam
−
09 Sentabr
2666Hindistonda maymunchechak (M-pox) bilan kasallanishning birinchi holati qayd etildi. Bu haqda “The Indian Express” xabar berdi.
“Laboratoriya tekshiruvlari bemorda G‘arbiy Afrika maymunchechak virusining 2-guruhi mavjudligini tasdiqladi. Bu guruh JSST tomonidan M-pox’ning “Clade 1” shtammi bilan bog‘liqligi haqida xabar berilgan”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, kasallangan odam yaqinda virus tarqalgan mamlakatdan qaytib kelgan. Erkak maxsus izolyatorga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli klinik barqarorligicha qolmoqda. Bemorda tizimli kasalliklar yoki qo‘shimcha patologiyalar mavjud emas.
“Vaziyatni to‘xtatish uchun aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha faol chora-tadbirlar, jumladan, kontaktlarni aniqlash va monitoring qilish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda aholi uchun keng tarqalgan xavf haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, deya bayonot bergan mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil boshidan 9 avgustgacha Afrikada maymunchechak bilan bog‘liq 17,5 mingdan ortiq holat qayd etilgan, ulardan 517 nafari o‘lim bilan yakunlangan. Yevropada kasallik faqat Shvetsiyada tasdiqlangan. Osiyo mamlakatlari orasida Pokiston, Filippin va Tailand virus aniqlangan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olgan.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, immuniteti zaif odamlar uchun xavfli hisoblanadi. Uning alomatlari isitma, intoksikatsiya, kengaygan limfa tugunlari va toshmalar tarqalishi bilan bilinadi. Yengil holatlarda kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va 14 dan 21 kungacha davom etadi.
LiveBarchasi