Hindiston Zelenskiyni G20 sammitiga taklif qilmadi
Olam
−
08 iyun 2023
8131Hindiston Yigirmalik guruhi (G20) raisi sifatida joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan sammitga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni taklif qilmadi. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni Hindiston OAVlari uchun o‘tkazilgan brifingda respublika Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar ma’lum qildi.
“Bizning fikrimizcha, G20 sammitida unga a’zo davlatlar hamda biz taklif qilgan mamlakatlar va tashkilotlar ishtirok etadi. Biz G20 raisligini qabul qilganimizdan so‘ng darhol taklif etilganlar ro‘yxatini e’lon qilganmiz”, dedi Jayshankar.
Uning aytishicha, G20 ning rasmiy saytida sammitda ishtirok etadigan mamlakatlar yetakchilari ro‘yxati e’lon qilingan. G20 ga a’zo davlatlar rahbarlaridan tashqari yana to‘qqizta davlat – Bangladesh, Misr, Mavrikiy, Niderlandiya, Nigeriya, Ummon, Singapur, Ispaniya va Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilari ham sammitga taklif etilgan.
Ma’lumot uchun, Hindiston G20 ga o‘tgan yilning 1 dekabridan beri raislik qilmoqda. 2023 yilning 9-10 sentyabr kunlari Nyu-Dehlida 18-birlashish sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda G20 a’zosi bo‘lgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashishi mumkin. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya yetakchisining Hindistondagi G20 sammitida ishtirok etishi haqidagi qaror qo‘shimcha ravishda qabul qilinishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 15-16 noyabr kunlari Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida dunyo liderlari ishtirok etgandi. Mazkur tadbirda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy videokonferensiya rejimi orqali qatnashgan bo‘lsa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bandligi vaji bilan Baliga bormagandi. Uning o‘rniga Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etgandi.
LiveBarchasi