Hindiston hali-beri Pokiston bilan yarashmoqchi emas
Olam
−
20 may 4012 3 daqiqa
Hindiston yaqin kelajakda Pokiston bilan normal munosabatlarni tiklash imkoniyatini ko‘rmayapti. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vikram Misri parlamentning Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasining yopiq yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Pokiston bilan normal munosabatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Joriy yilning 7 may kuni boshlangan Hindiston harbiy amaliyoti “Sindur” davomida Pokiston Hindistonni yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilmadi, har ikki tomon mojaroda oddiy qurollardan foydalangan.
Vazir o‘ribosarining ta’kidlashicha, ba’zi ommaviy axborot vositalarida Islomobodning yadroviy tahdidlari AQSH Prezidenti Donald Trampni 10 may kuni aralashishga va Hindiston-Pokiston mojarosini hal qilishda vositachilik qilishga majbur qilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volar asossizdir.
Pokiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, joriy yilning 6 mayidan 7 mayiga o‘tar kechasi Hindiston tomonidan sodir etilgan hujumlar oqibatida 40 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, yana 121 nafari jarohatlangan. 13 may kuni bo‘lgan so‘nggi harbiy to‘qnashuvda Pkistonning 11 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan va 78 nafari yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Pokiston bilan keskinlik tufayli avvalroq yopilgan mamlakat shimoli va g‘arbidagi 32 ta aeroportni ochgani haqida xabar berilgandi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzgandi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.
10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.
Shu bilan birgalikda, 10 may kuni AQSH bilan muzokaralardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Islomobod va Nyu-Dehli buni tasdiqladi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlangan.