Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?
Tahlil
−
10 may 19677 6 daqiqa
Yuz millionlagan inson o‘limiga olib kelgan ikki jahon urushidan xulosa chiqarmagan zamonaviy dunyo hamon chegaralararo urushlarni davom ettirmoqda. Ularning safiga dastlab diniy, so‘ngra chegaraviy tus olgan 78 yillik nizo girdobidagi Pokiston va Hindiston ham qo‘shilmoqda. Katta hudud va aholiga ega ikki mamlakat o‘rtasidagi bunday murosasizlik butun dunyoni tashvishlantirayotgan bir paytda ushbu ikki davlat armiyasi qanday qurollangan degan savol yuzaga chiqdi.
Ikki davlat armiyasi qanday harbiy kuchga ega?
Dronlar. Ikkala davlat ham dronlar parkini kengaytirmoqda: ularni import qilish bilan bir qatorda ishlab chiqarish salohiyatini ham rivojlantirmoqda. Dronlar soni bo‘yicha Hindiston yetakchilik qiladi. Harbiy ekspert Rahul Bedining BBC’ga aytishicha, Hindiston armiyasida ikki-to‘rt yil ichida taxminan 5 mingta dron bo‘ladi. Hindiston 2024 yilda AQSH Davlat departamenti bilan 31 ta jangovar dron: MQ-9B SkyGuardian va dengizga mo‘ljallangan SeaGuardian sotib olish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Son jihatidan Hindistonga qaraganda Pokistonda kamroq bo‘lsa-da, harbiy dronlar kuzatish, razvedka va aniq zarba berish kabi turli imkoniyatlarga ega. Pokiston dronlarining asosiy ustunligi ularni jangovar harakatlarda qo‘llash tajribasidir. Masalan, Burraq droni 2015 yildan beri terrorizmga qarshi operatsiyalarda qo‘llanilmoqda.
Har ikki mamlakat ham zamonaviy dronlarni asosan Turkiya va Xitoydan faol import qilmoqda.
Harbiy xarajatlar va armiya soni

Oxirgi marta 1999 yilda sodir bo‘lgan harbiy mojaro (ikki tomondan 900 dan ortiq kishi vafot etgan)dan so‘ng Hindiston va Pokiston yana urush boshlashidan xavotirlar mavjud.
Hindiston armiyasida 1 million 400 ming askar xizmat qiladi va mustaqil Global Firepower Index рейтингиga ko‘ra, harbiy kuch jihatidan dunyodagi to‘rtinchi o‘rinda turadi. Pokiston armiyasi esa ancha kichikroq bo‘lib, 654 ming harbiy xizmatchiga ega.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Hindiston mudofaa xarajatlari Pokistonniki bilan taqqoslaganda to‘qqiz baravar ko‘p bo‘lgan.
Quruqlikdagi kuchlar

Hindistonda 4 ming 200 dan ortiq tank va 1 million 500 zirhli texnika mavjud. Pokistonda esa 2 ming 600 dan ortiq tank va 18 mingdan kam zirhli texnika bor. Shuningdek, transport yordamida harakatlantiriluvchi artilleriyalar har ikki mamlakatning quruqlik kuchlarida asosni egallaydi: Hindistonda 3 ming 975 ta, Pokistonda esa 2 ming 629 ta.
Harbiy-havo kuchlari
Hindiston harbiy-havo kuchlarida 2 ming 229 ta samolyot bor, jumladan 513 ta qiruvchi va 130 ta bombardimonchi samolyot. Global Firepower Index’ga ko‘ra, Pokiston harbiy-havo kuchlarida Hindistonga nisbatan 830 ta samolyot kam.
Shuningdek, Hindistonda maxsus hujumlarga mo‘ljallangan samolyotlar soni 130 ni tashkil qiladi, Pokistonda esa bu ko‘rsatkich – 90. Vertolyotlar soni bo‘yicha ham Hindiston oldinda bo‘lib, mamlakatda 899 ta vertolyot mavjud. Pokiston esa 373 ta vertolyotga egalik qiladi.
Harbiy-dengiz kuchlari

Hindiston dengiz flotida 293 ta kema mavjud bo‘lib, bu Pokiston dengiz flotidan ikki baravar ko‘p demakdir.
Raketalar va yadroviy qurol

Pokiston raketa dasturi Hindistonniki bilan solishtirganda biroz orqada qoladi va u qanotli hamda ballistik, operativ-taktik, shuningdek, o‘rta va qisqa masofali raketalarni o‘z ichiga oladi.
Hindiston raketalarining diapazoni kengroq: Prithvi seriyasidagi raketalar 250 dan 600 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi; Agni seriyasidagi raketalar esa 1,2 dan 8 ming kilometrgacha yetib boradi. Bundan tashqari, Nirbhay va BrahMos qanotli raketalari ham mavjud. Hindistonning uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalarga egaligi mamlakatning Xitoyni tiyib turish niyatini ko‘rsatadi, chunki Xitoy bilan ham hududiy nizolar mavjud.
Biroq raketa diapazonining kengligi Hindistonning Pokiston ustidan oson g‘alaba qozonishini anglatmaydi: shuni unutmaslik kerakki, har ikkala davlat ham yadroviy qurolga ega. SIPRI baholashiga ko‘ra, Hindiston yadro qurollari zaxirasida 172 ta yadroviy kallak bor, Pokistonda esa bu ko‘rsatkich 170 tani tashkil etadi. Ammo bu yadroviy kallaklarning nechta qismi jangovar holatda ekani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Pokiston yadroviy qurolni Hindiston bilan raqobat qilish uchun ishlab chiqayotgan bo‘lsa, Hindiston Xitoyni nishonga olishi mumkin bo‘lgan uzoq masofali raketalar yaratishga e’tibor qaratayotgani aytiladi.
Potensial mojaroning oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkin, chunki Hindiston va Pokiston qo‘shnisi Xitoy ham yadro zaxirasini 22 foizga oshirib, yadroviy kallaklar sonini 410 tadan 500 tagacha yetkazdi.
Bu mojarodagi xavf darajasi juda yuqori, shu sababli xalqaro hamjamiyat ikkala davlatni ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.
Boshqa jabhalardagi qiyosiy jamlanmalar

Aholi, hudud va boshqa yana bir qancha faktorlar tufayli tabiiyki, Hindiston Pokistonga qaraganda turli raqamlarda ilg‘orlik qiladi. Logistika, iqtisodiyot va tabiiy resurslar jabhasidagi farqlar shular jumlasidan.
Tabiiy boyliklar. Hindistonda 4 milliard 605 million barrel neft zaxiralari mavjud va bu bo‘yicha dunyoda 22 o‘rinni egallaydi. Pokistonda esa bu ko‘rsatkich 540 million barrelga teng va global miqyosda 41 o‘rin. Hindiston 1 trillion 381 milliard barrel tabiiy gaz zaxiralariga ega, Pokistonda esa bu raqamlar 592 milliard 219 millionga teng. Tabiiyki, Hindiston ko‘mir zaxiralari bo‘yicha ham oldinda: 11 milliard 52 million barrel. Pokiston bundan 37 barobar kamroq ko‘mirga egalik qiladi: 3 milliard 64 million barrel.
Geografik jihatlar. Hindiston yer maydoni 3 million 287 ming 263 kilometrni tashkil qilsa, Pokiston yer maydoni esa 796 ming 95 kilometrga teng. Ochiq ma’lumotlar Hindistonning 14 ming 500 kilometr suv yo‘llaridan foydalanayotgani, Pokistonda esa bu raqam nolga tengligini ko‘rsatadi, garchand Karachi Arab dengizi bo‘yida bo‘lsa ham. Bunga mamlakatda suv yo‘llaridan foydalanish rivojlantirilmayotgani sabab bo‘lishi mumkin.
Demografik ko‘rsatkichlar
Hindiston. Hech kimga sir emaski, Hindiston aholi soni bo‘yicha dunyoda yetakchi va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 1 milliard 460 milliondan ortiq inson (Yer aholisining 18 foizga yaqini) yashaydi. Aholining 51,6 foizini erkaklar tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga kunda Hindistonda soatiga 3,5 ming bola tug‘ilib, aholi soni yiliga 18 milliondan ko‘proqqa oshmoqda. Mamlakatda o‘rtacha yosh 27 (ba’zi manbalarda 28-30). Bu Hindiston aholisining asosini yoshlar tashkil qilishi va ishchi kuchi ko‘rsatkichi yuqori ekanini anglatadi. Umr davomiyligi esa erkaklarda 65-66, ayollarda esa 68 yosh. Umumiy aholi sonining 65 foizini 15-64 yoshlilar tashkil qiladi.

Ta’kidlash kerakki, yuqori demografik o‘sish va markazlashmagan siyosat aholi turmush sharoitini juda yomonlashtiradi va kambag‘al hamda o‘ta qashshoq fuqarolar mamlakatning asosiy muammolaridan biri hisoblanadi. 15 yoshdan oshgan aholining 72 foizi o‘qish va yozish imkoniyatiga ega. Bu esa shu yoshdagi aholining 290 millionga yaqini savodsiz ekanini bildiradi.
Pokiston. Qo‘shnisichalik bo‘lmasa-da, Pokiston ham umuman olganda kichkina davlat emas: mamlakatda 244 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. (Tasavvur qilish uchun: O‘zbekistondan qariyb 6 barobar ko‘p). Aholining qariyb 51 foizini erkaklar tashkil qiladi. Bu davlat ham Hindiston kabi “yosh mamlakat” va aholining o‘rtacha yoshi – 22-23. Umumiy aholining 60 foizi 15 dan 64 yoshgacha bo‘lganlardan iborat. Hayot davomiyligi esa deyarli bir xil.

Pokistonda har soatda 800 dan ortiq bola tug‘iladi va tabiiy o‘sish yiliga taxminan 5 million 200 mingni tashkil qiladi. Mamlakat aholisining 58,7 foizi savodli. Bu shuni anglatadiki, 15 yoshdan kattalarning 64 milliondan ortig‘i savodsiz.
Mojarolar asosi
Hech kimga sir emaski, Pokiston – diniy nomutanosibliklar oqibatida Hindistondan ajralib chiqqan mamlakat. Ko‘pchilik bu bo‘linishda Buyuk Britaniyani sababchi deb hisoblasa-da, aslida diniy ayrilik va vijdon erkinligiga tahdidlar oldinroq boshlangandi. Mana shunday omillar tendensiyasida bir mamlakat ikkiga bo‘lindi: hinduizm diniga e’tiqod qiluvchilar Hindiston; islom diniga e’tiqod qiluvchilar esa Pokiston davlatiga kirdi. Shunday bo‘lsa-da, Hindistonda e’tiqod qiluvchilar soniga ko‘ra islom hamon ikkinchi o‘rinda turadi – 208 milliondan oshiq. Pokistonda esa 4,6 milliondan ortiq hinduizm dini a’zolari mavjud.

Ikki davlat o‘rtasidagi eng ziddiyatli nuqta asosan musulmonlar yashovchi Kashmirdir. Na Pokiston va na Hindiston uni qo‘ldan boy berishni istaydi. Ayniqsa, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi kabi millatchi siyosatchilar hukumat tepasida bo‘lgan ayni zamonda.
Live
Barchasi