Hindiston Oyni “istilo” qilish uchun kurashga qo‘shildi

Texnologiya

image

Hindiston kosmik agentligi ertaga 14 iyul kuni Oyga rover qo‘ndirish uchun raketa uchiradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat bu orqali o‘zini yangi kosmik derjava sifatida namoyish qilib, Yer yo‘ldoshini tadqiq etishga kirishmoqchi.

Shu vaqtgacha faqat uchta davlat: Sovet Ittifoqi, AQSH va Xitoy Oyga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. Yaponiyaning joriy yil boshidagi urinishi esa qo‘nish apparatining qulashi bilan yakun topdi.

Hindiston tomonidan salkam 75 million dollarga tushgan “Chandrayaan-3” Oy missiyasiga tegishli raketa mamlakat janubidagi Andxra-Pradesh shtatidagi asosiy kosmodromdan ertaga, 14 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:35 da uchib ketadi.

Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, 43,5 metrlik LVM3 raketasi taxminan 23 avgustda Oyga qo‘nishi kerak.

Hindiston Kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu parvoz mamlakat bosh vaziri Narendra Modi kosmik parvozlar va tegishli sun’iy yo‘ldoshga asoslangan tadqiqotlarga sarmoya kiritish siyosatini e’lon qilganidan buyon dastlabki yirik missiya hisoblanadi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Hindiston o‘z kompaniyalarining fazoviy parvozlar sohasidan oladigan daromadi miqdorini 2020 yildagidan (2 foiz) besh baravarga oshirishni maqsad qilgan.

Shunday rejalar doirasida “Chandrayaan-3” missiyasi tashkil qilingan. “Chandrayaan” so‘zi sanskrit tilidan olingan bo‘lib, “Oy transporti” degan ma’noni anglatadi. Missiya uchun tanlangan raketa qo‘nishga mo‘ljallangan ikki metrli uskuna (lander) va Oydayurardan (rover) iborat. Qurilma Oy yuzasiga qo‘nganidan so‘ng u yerda ikki hafta davomida bir qator tajribalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Biroq tahlilchilarning fikricha, parvozdan yana bir maqsad ko‘zlangan: Hindiston bu bilan tobora tezlashib borayotgan kosmik poygaga qo‘shilib, xususiy sektorga biznes uchun ochiqligini ham ko‘rsatmoqchi.

"Muvaffaqiyatli missiya Hindistonning global obro‘sini oshiradi va sanoatning tijorat tomoniga bilvosita foyda keltiradi", deydi Nyu-Dehlidagi Manohar Parrikar Mudofaa tadqiqotlari va tahlillari instituti maslahatchisi Ajey Lele.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Oy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing