Hindiston mudofaa shtabi boshlig‘i halokat qurboni bo‘ldi
Olam
−
09 dekabr 2021
5526Kecha, 8 dekabr kuni Hindistonning Tamilnadu shtatida halokatga uchragan vertolyot bortida bo‘lgan Hindiston Qurolli kuchlari mudofaa shtabi boshlig‘i general Bipin Ravat halok bo‘ldi. Bu haqda Hindiston harbiy-havo kuchlari Matbuot xizmati Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Chuqur afsus bilan (sizlarga ma’lum qilamiz) halokat oqibatida general Bipin Ravat, Madxulika Ravat (general Ravatning rafiqasi) va bortdagi yana 11 kishi halok bo‘lgani aniqlandi”, deyiladi xabarda. .
Hindiston harbiy-havo kuchlari, shuningdek, bir kishi, kapitan Varun Singx tirik qolgani va davolanayotgani haqida xabar bermoqda. Uning ahvoli haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Avval quruqlikdagi qo‘shinlar shtab boshlig‘i lavozimini egallab kelgan general Bipin Ravat Hindiston tarixidagi birinchi Mudofaa shtab boshlig‘i (CDS) bo‘lib, u 2020 yil 1 yanvaridan o‘z lavozimini bajarishga kirishgandi. 2019 yilda Hindiston uchun ushbu yangi lavozimni yaratish zarurati haqida gapirar ekan, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi qo‘shni Pokiston bilan munosabatlarning yana keskinlashuvini sabab qilib keltirgandi.
Mudofaa shtab boshlig‘ining vazifasi Hindiston qurolli kuchlarining barcha uchta bo‘limi: quruqlikdagi kuchlar, havo kuchlari va dengiz kuchlarining harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat. U Bosh vazir bilan xavfsizlik va mudofaa ta’minoti masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lishi va unga uzoq muddatli mudofaani rejalashtirish va Qurolli Kuchlarni boshqarish bo‘yicha maslahat berishi kerak. Shu bilan birga, quruqlikdagi qo‘shinlar, dengiz floti va havo kuchlari shtab boshliqlari mudofaa shtab boshlig‘iga bo‘ysunadi.
LiveBarchasi