Hindiston kompaniyasi O‘zbekiston aviatsiya bozoriga kirmoqchi

Jamiyat

image

Bugun, 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Hindistonning “Delhi International Airport Limited” (DIAL) kompaniyasining moliyaviy direktori Sanjiv Edvard boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Navoiy aeroporti bazasida tashkil etilgan xalqaro intermodal logistika markazining samaradorligini oshirish masalasi muhokama etildi. Muhokamalar davomida Sanjiv Edvard Hindiston tomoni yuk va yo‘lovchi tashish jarayonida O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan keng foydalanish orqali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi. U shuningdek, DIAL kompaniyasi Navoiy va Dehli aeroportlarini yuk tashuvlari yo‘nalishida bir-biriga bog‘lovchi tizimni yaratish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

“Men, Navoiy aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasining eng yirik quriqlik portiga aylana olishiga ishonaman. Chunki buning uchun barcha asoslar mavjud”, dedi Sanjiv Edvard. Hindiston kompaniyasi shuningdek, aviatashuvlar bilan bog‘liq hujjatlar va jarayonlarning IT yechimlarini amaliyotga joriy etish yo‘nalishida ham hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar aviatsiya sohasida yuk va yo‘lovchi tashish yo‘nalishida alohida ishchi guruhlarini shakllantirib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy O'zbekiston-Hindiston aviakompaniya

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing