Hind millatchilari yana bir tarixiy masjidning “boshiga yetdi” (video)

Olam

image

Dehli taraqqiyot boshqarmasi Mehrauli shahridagi masjidni buzib tashladi. Bu haqda “Newsclik.in” nashri ma’lum qildi.

Joriy yilning 31 yanvar kuni erta tongda Dehlining Mehrauli shahridagi ko‘p asrlik masjid bo‘lmish Oqxonji masjidi Dehli taraqqiyot boshqarmasi rasmiylari tomonidan politsiya ishtirokida to‘satdan buzib tashlandi. Masjid imomi bu buzish haqida oldindan biror xabar berilmaganini aytadi.

“Bu mahalliy aholini, masjidga tashrif buyuruvchilarni va u yerdagi madrasa talabalarini shokka tushirdi”, degan imom.

Mahalliy aholining bildirishicha, yoshi 600 yildan oshgan masjid subkontinentning birinchi, Dehlining yagona musulmon ayol hukmdori Roziya Sulton davrida qurilgan. 

Internetda paydo bo‘lgan videoda masjid imomi Zokir Husayn masjid qulatilganidan qayg‘udaligini va unda nafaqat Bahrul Ulum madrasasi deb nomlangan talabalar o‘qishga kelgan madrasa, balki ulug‘ siymolarning muqaddas qabrlari ham borligini aytgan. Taxminlarga ko‘ra, vayronagarchilik bomdod azonidan oldin sodir bo‘lgan va mahalliy aholi va namozxonlarni noroziligiga sabab bo‘lgan.

"U yerda ko‘plab hurmatli siymolarimiz va mening ota-bobolarim dafn etilgan. Hozir qabrlardan asar ham yo‘q", deydi masjid boshqaruv qo‘mitasi a’zosi Muhammad Zafar.

Bundan tashqari, rasmiylar hatto undan va holatni tasvirga tushurgan odamlardan telefonlarni majburan tortib olishgan. Imomning ta’kidlashicha, hokimiyat u hamda boshqalarga masjid ichidagi muqaddas kitoblarni olib chiqishga ham ruxsat bermagan.

Qolaversa, imom masjid ichidagi muqaddas osori-atiqa va kitoblar yo‘q qilinibgina qolmay, madrasada tahsil olayotgan 22 talabaning oziq-ovqat va kiyim-kechak kabi buyumlari va mol-mulkini ham amaldorlar vayron qilganini iddao qildi. 

Rasmiy hukumat esa, masjid buzilishi noqonuniy inshootlarni yo‘q qilishga qaratilgani bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu buzish jarayoni Hindistonda millatchi faollar Bobur masjidi kabi bir necha mashhur Islom markazlarini hindu ibodatxonalariga aylantirish bo‘yicha harakatlari avj olayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

masjid Dehli Mehrauli Oqxonji Roziya Sulton

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing