Portlash xavfi: Air India samolyoti favqulodda signal berdi

Olam

−

image

Bugun, 14 oktyabr kuni Germaniyaning Frankfurt shahridan Hindistonning Dehli shahriga parvozni amalga oshirayotgan Air India samolyoti ehtimoliy qo‘lga olish signali berilganidan so‘ng Jaypur aeroportiga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Frankfurtdan Dehliga uchib ketayotgan Air India reysi samolyotining ehtimoliy qo‘lga olish tahdidi tufayli signalizatsiya ishlab ketgach, Hindistonning boshqa shahri – Jaypurga yo‘naltirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Mumbay hududi uzra parvoz qilayotgan vaqtda pilot Squawk 7500 kodini faolashtirgan – bu samolyot o‘g‘irlangani yoki noqonuniy aralashuv sodir bo‘lganini bildiruvchi xalqaro miqyosta tan olingan kod.

Ma’lum qilinishicha, AI-2030 reysi samolyoti xavfsiz tarzda qo‘ngan va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha favqulodda vaziyatlar standart operativ qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda darhol maxsus ajratilgan izolyatsiya zonasiga kuzatib borilgan.

“The Tribune India” nashrining yozishicha, samolyot portlash xavfi tufayli Jaypurga yo‘naltirilgan. Malviya-Nagar tumani politsiya komissarining yordamchisi Shiv Dayalning so‘zlariga ko‘ra, aeroport ma’muriyati politsiyani Frankfurt – Dehli reysining “portlash tahdidi” tufayli favqulodda qo‘nishi haqida ogohlantirgan.

Bortdagi yo‘lovchilarning soni haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Aviakompaniya ham hali hech qanday bayonot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Flydubai samolyoti bilan shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgan edi. Joriy yilning 30 sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti uni egallab olishga urinish haqidagi signaldan so‘ng Saudiya Arabistonining Tabuk shahri aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgandi. Bunga uchuvchilar kabinasidagi mushtalashuv sabab bo‘lgan. Mushtalashuv davomida samolyot bor-yo‘g‘i 29 soniya ichida balandlikni 9410 metrdan 5105 metrgacha keskin yo‘qotgan.

Boeing 737 MAX 8 bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola bo‘lgan, ularning aksariyati Isroil fuqarolari. Ba’zi yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga pilotlar kabinasidan baqir-chaqir eshitilgan, keyin kabina eshigi keng ochilib ketgan va ular bir pilotning jarohatlanganini, kiyimlari qonga belanganini ko‘rgan. Unga birinchi yordam ko‘rsatilgan, yo‘lovchilardan biri shifokor bo‘lib chiqqan. Ekipaj a’zolari va reys yo‘lovchilari hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Reys uchuvchisi jarohatlar bilan Saudiya Arabistonida shifoxonaga yotqizilgan Hindiston fuqarosi Smit Machchxar bo‘lgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan videoaloqa orqali muloqotda u hujumdan so‘ng samolyot balandlikni jadal yo‘qotayotganini va vaqt deyarli qolmaganini tushunganini aytib bergan.

“Men polda jarohatlanib yotardim, lekin o‘zimga so‘nggi harakatni qilib, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini aytdim. Emaklab borishga harakat qila boshladim. Eshik juda yaqin edi. Uni ochishga muvaffaq bo‘ldim va boshqa odamlar kirib kelishdi”, deydi u.

Modi uchuvchining harakatlarini ko‘pchilikning hayotini saqlab qolgan mardlik, iroda va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatining namoyon bo‘lishi deb atagan.

“The Telegraph” ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida Machchxar bo‘ynidan og‘ir jarohat olgan, uning chap qo‘li esa deyarli kesilib ketgan edi. Shifoxonadan e’lon qilingan kadrlarda uning boshi va qo‘llarida bog‘lamlarni ko‘rish mumkin. Guvohlarning aytishicha, hujumdan so‘ng uchuvchi ko‘p qon yo‘qotib, asta-sekin hushidan ketgan. Unga yo‘lovchilardan biri, stomatolog Shota Musayev yordam ko‘rsatgan.

Saudiya Arabistoniga qo‘nishni aviahalokatning oldini olgan holda, bortda yo‘lovchi sifatida ketayotgan boshqa ikki uchuvchi amalga oshirgan. CNN telekanalining aniqlik kiritishicha, samolyotni keyingi reysni bajarishi kerak bo‘lgan ikki nafar “zahiradagi pilot” qo‘ndirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing