Hech bir prezident “Salimboyvachcha”ning duosini olmagan – Tashiyev
Olam
−
10 yanvar
24988Bugun, 10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga (“Salimboyvachcha”) bergan maktubini ko‘rsatdi. Bu haqda “AkiPress” xabar berdi.
“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan. Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” deydi Tashiyev.
U maktubdan parchalarni o‘qib bergan.
“Uning yozishicha, Qamchibek Qidirshayevich undan 180 ming dollar undirgan. Ushbu bayonot asosida ish qo‘zg‘atilgan. Aniqlanishicha, 2 nafar yigit Jamg‘irchiyevning otasi bilan uchrashib, mening ism-sharifimni aytib, Qamchibek Qidirshayevichga pul kerakligini aytishgan. Ular Emil Jamg‘irchiyevning otasidan 180 ming dollar olib ketishgan. Biri Qadamjodan, ikkinchisi Suzoqdan. Biz ularni ushlab, otaciga 180 ming dollarni qaytarib berdik”, deydi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Shuningdek, deputat Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragani fosh bo‘lgan.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deyiladi deputatning xatida.
Bunga javoban Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar o‘tirishadi”, deydi Tashiyev.
Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga borgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.
LiveBarchasi