Hajda ellikboshilik qilayotgan o‘zbekistonlik imomning o‘lim sababi aytildi
3-sahifa
−
26 may 2025 21625 2 daqiqa
Joriy yilgi Haj mavsumida ziyoratchilarga ellikboshilik qilayotgan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev Madinada betob bo‘lib, komaga tushib qolgani va bugun, 26 may kuni tongda vafot etgani haqida xabar bergan edik. Imom-xatibning janoza namozi Madina shahridagi Masjidu Nabaviyda o‘qildi va “Baqi’” qabristoniga dafn etildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, marhum Rabbimqul Muhammadiyev joriy yilning 23 may kuni “Toshkent-Madina” yo‘nalishida poytaxtning 38-guruh ziyoratchilari guruh rahbari sifatida yo‘lga chiqqan. Shu kuni safarga chiqishi bilan imom-xatib parvoz davomida uyquga ketgan va shu holatda uyg‘onmagan. Bemor Madina xalqaro aeroporti shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganda ahvoli o‘ta og‘ir, behush, savollarga javob bermagan. Shundan so‘ng, Madina shahridagi “Muovasat” klinikasiga joylashtirilgan. Shifokorlar tomonidan unga bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi, miya o‘zagi strukturalari o‘zgarishlari, bosh miya shishishi tashxisi qo‘yilgan.
Malakali shifokorlar tomonidan og‘ir holatdagi bemor neyroxirurg ko‘rigidan so‘ng, bosh miya shishini kamaytirish maqsadida 24 may kuni operatsiya qilingan. Shundan keyin ham bemorning ahvoli og‘irligicha saqlanib, bugun, 26 may kuni erta tongda vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Rabbimqul Muhammadiyev 1997 yildan buyon imom-xatib lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Bu yillar davomida Toshkent shahridagi “Oq tunukali”, “Ibrohim ota”, “Imom Termiziy” hamda “Rakat” jome masjidlarida xizmat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni muborak Haj safarini niyat qilgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqqandi.
Live
Barchasi