Bolalari zo‘rlanayotgan va xo‘rlanayotgan O‘zbekiston, Ichki ishlardan sog‘ chiqmaganlar – Hafta tahlili

Tahlil

O‘tgan 2024 yilda O‘zbekistonda 412 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan. 1028 nafar bola jismoniy zo‘ravonlikka uchragan. 929 nafar bola psixologik bosimni boshidan kechirgan. 14 nafar bola ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan. 106 nafar bola kattalarning qat’iy befarq munosabatiga duch kelgan. Bu O‘zbekistonda bolalarga nisbatan munosabatning, eng yomoni oilada uchrayotgan munosabatning raqamlardagi misoli. Va bu bilganimiz, bizgacha yetib kelgani, yetib kelmagani esa hamon yeng ichida qolmoqda.

Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik O‘zbekiston jamiyatining aslini o‘zida ifoda etadi. Zo‘ravonlik ko‘rib ulg‘aygan bola ertaga o‘zi boshidan o‘tkazganlarni boshqalarda sinaydi, o‘zi ham zo‘ravonga aylanadi, tajribani sinab ko‘radi. Mamlakatda bolalar huquqlariga oid qator hujjatlar qabul qilinishiga, tashkilotlar ish olib borishiga, 2016 yilgacha paxta dalasida sarson bo‘lgan bolalar maktab partasiga, oila bag‘riga qaytagani qaramay, endi bolalar majburiy mehnatga ham o‘z oilasida duch kelmoqda. Yomonlardan yomoni esa ular ixtiyoriy-mujburiy tilanchilikkacha olib chiqilayotgani. Bular O‘zbekiston bolalarining buguni. Jamiyatda bola e’tiborsizlik va unga nisbatan jismoniy, jinsiy va psixologik zo‘ravonlikning ta’siri, asoratlari esa hafta davomida sodir bo‘lgan voqealarda aks etayotgandek.

IIO xodimlari gumonlanuvchilarni qiynoqqa soldi

Toshkentda Ichki ishlarning uch nafar xodimi jinoyat sodir etdi. Eng qizig‘i, ular mansab vakolatini suiiste’mol qilib, gumonlanuvchini qiynoqqa solgan. Balki, gap avvalida aytganimdek, o‘zi qachonlardir boshidan kechirgan jismoniy qiynoqlar tajribasini boshqalarda qo‘llagandir. 

Gap shundaki, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan shaxs ko‘p miqdordagi giyohvand modda tarqatish maqsadida bir necha odam bilan til biriktirgan. U 2024 yil avgust oyida Pastul-post xizmati inspektoriga Katta xalqa yo‘li ko‘chasida joylashgan turarjoy majmuasining qurilishi tugallanmagan bino ro‘parasiga ko‘p miqdordagi giyohvand modda yashirib ketilishini, uni qora rangli Spark mashinasida borgan shaxslar olib ketishini aytgan va inspektordan ushbu narkotik moddalarni uning tanishlari xavfsiz olib ketishini ta’minlashini so‘ragan.

2024 yil 4 avgustga o‘tar kechasi PPX inspektorlari – ya’ni o‘sha kelishilgan inspektor va uning yana bir sherigi xizmat hududidan tashqarida narkotik yashirilgan joyni kuzatgan. Biroq kelishilgan inspektorning ikkinchi sherigi katta miqdordagi giyohvand modda yashirilganidan bexabar bo‘lgan. 

Inspektorlar bu yerda turgan fuqarolarni to‘xtatib, ularni narkotik moddaga aloqadorlikda gumon qilib ushlagan. Kelishuvda bo‘lgan inspektor o‘ziga oldindan ma’lum bo‘lgan hududga yashirib qo‘yilgan giyohvand moddani go‘yoki topib olganday ko‘rsatib, ashyoviy dalillarni xolislar ishtirokisiz, o‘z qo‘llari bilan olgan holda mashinasi yukxonasi ustiga qo‘ygan. 

Shundan so‘ng, inspektorlar hodisa joyiga  tegishli xodimlarini chaqirgan. Voqea joyiga yetib borgan Yangihayot tumani Ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili tergov ishlarini yuqori turuvchi rahbariyatiga axborot bermasdan, o‘zboshimchalik bilan olib borgan, gumonlanuvchilarga nisbatan qiynoq qo‘llagan.

Hibsga olingan shaxs aybni tan olishdan bosh tortganidan keyin unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘linganini aytgan.

“Meni kamerasiz xonaga olib kirishdi. Qo‘llarimga kishan solib, qo‘llarimni yuqoriga, devorga qaratib ko‘tarishga majbur qilishdi. Boshimga bir nechta qora paket kiydirib, skotch bilan o‘rab qo‘yishdi. Bo‘g‘ilib ketdim. Keyin orqamga, oyoqlarimga urishdi, elektroshoker qo‘llashdi”, deydi u.

Ekspertiza unda ko‘plab jarohatlar, jumladan, elektroshok ta’siriga xos bo‘lgan zarba va kuyish izlari borligini tasdiqlagan. Qo‘lga olingan ikkinchi gumonlanuvchining aytishicha, ichki ishlar xodimlari ularning qorni va yuziga urgan, keyin ulardan biri pashsha o‘ldirgichni olib, savalay boshlagan. Gumondorlarning soqolini kuydirgan, do‘stlariga qarshi ko‘rsatma bermasa, unga tiriklayin yoqib yuborish bilan tahdid qilishgan. 

Shuningdek, gumonlanuvchilarning uch nafar tanishi, ular orasida ayol kishi ham bo‘lgan, voqea joyiga yetib borganda, ular ham amalda himoya huquqi bilan ta’minlamasdan, qo‘llariga kishan taqilgan va Yangihayot tumani Ichki ishlar bo‘limiga keltirilgan. IIB xodimlari ulardan biriga ham og‘ir tan jarohati yetkazgan. U ayrim hujjatlarga imzo qo‘yishdan bosh tortgani uchun dubinka bilan kaltaklagan. Oqibatda, tibbiy xulosaga ko‘ra, ushbu shaxsda og‘ir bosh jarohati, tan jarohatlari va ruhiy shikastlanish belgilari aniqlangan. 

Yana bir fuqaro esa jinsiy xo‘rlash elementlari bilan qiynoqqa solinganini aytgan. Ma’lum qilishicha, xodimlar uning shimini yechib qo‘ygan, zajigalkani uning jinsiy a’zosiga yaqinlashtirib, tan olsa qo‘yib yuborishi, tan olmasa o‘sha yerning o‘zida yoqib yuborishini aytishgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida o‘tgan mahkamada ichki ishlar xodimlari qilmishlariga qisman iqror bo‘lgan. Uchovlondan biri fuqarolarga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llamaganini, ular o‘z ixtiyorlari bilan tushuntirish xati yozib berishganini aytgan. Jabrlanuvchilar esa ularga jismoniy qiynoq qo‘llanganini tasdiqlagan.

Sud hukmi bilan 1987 yilda tug‘ilgan Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili 5 yil 1 oy, 1986 yilda tug‘ilgan PPX inspektori 11 yil, 1991 yilda tug‘ilgan PPX inspektori 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Ularning uchalasi ham jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Endi sizga savol: Bu odamlar yelkasida ichki ishlar organi xodimi pogonini qanday tashigan. Bular xodimmi yo mafiya? Odatda ichki ishlar idoralari yoki jazoni ijro etish muassasalaridan odamlarning o‘ligi chiqishi, qiynoqlar qo‘llanilishiga nisbatan tezkor munosabat bildiradigan Ichki ishlar vazirligi bu gal chuqur sukut saqlamoqda.  

O‘zbekistonda tergov jarayonidagi qiynoqlar masalasi katta minbarlardan turib ko‘p muhokama qilingan masalada. Tergov xonalariga kamera o‘rnatish, tergovdagi qiynoq va kamsitish uchun davlat kompensatsiya to‘lab berishi belgilangan esa-da, Prezident bir necha bor ichki ishlar idoralaridan odamlarning o‘ligi chiqishi, ularning qiynoqqa solinishi tanqid qilgan bo‘lsa-da, haqiqiy vaziyat tub o‘zgarishlarsiz qolmoqda. 

YPX xodimini haqoratlab, “shantaj” qilgan ayol jazolandi 

Ichki ishlar vazirligi Yangihayot tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlarning xatti-harakatlariga munosabat bildirmagan shu haftada Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtda ayollar ichki ishlar xodimini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlayotgani aks etgan video yuzasidan izoh berib, ayollar javobgarlikka tortilganini e’lon qildi. 

Bildirilishicha, YPX xodimi Gentra rusumli avtomobilni to‘xtatgan va haydovchining monitordan foydalanib kelayotganini aniqlagan. Shu sababli xodim haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Shunda haydovchi qo‘l qo‘yishdan bosh tortib, xodimga qarshilik ko‘rsatgan. Uning orqasidan esa ayol kishi kelib, xodimga qarata haqoratli so‘zlar ishlatgan. Xodim esa xolislar ishtirokida jarima rasmiylashtirgan.

Keyinroq janjal ko‘tarish uchun kelgan ayolning ham hujjatlari tekshirilganda uning transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgani hamda oldi oynasidagi tonirovka uchun ruxsatnomasi yo‘qligi aniqlangan. 

Shu asosda YPX xodimi ayolning mashinasini jarima maydonchasiga joylashtirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga kirishadi, biroq faol qarshilikka uchraydi.

Sud qarori bilan ayol haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41- (Haqorat qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli, deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Erkak haydovchi esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Vaziyatda ishtirok etgan ayollardan yana biri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Xotinidan tarsaki yegan Makron

Bolalarni zo‘ravonlikning har qanday shaklidan himoya qilish masalasidan uzoqlashmaymiz. Shu o‘rinda bir maslahatni olvoling. Nafaqat uyda, bolalar oldida, balki tashqarida, turmush o‘rtog‘ingiz bilan xoli qolgan joylaringizda ham dahanaki jangdan, qo‘l ko‘tarishdan nihoyatda ehtiyot bo‘ling, devorning ham qulog‘i, ko‘zaning ham ko‘zi bor. Yana Fransiya Prezidenti janob Makronga o‘xshab uyatli holatda qolmang, deyman-da. 

Tugayotgan hafta Prezident Makron va uning qo‘li yugurdak onasi, ey yo‘g‘-ey turmush o‘rtog‘i trenddan tushmadi. Makron Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab safarining birinchi bekati Vetnamda samolyotdan chiqib ketayotganda rafiqasi Brijit uning yuziga urgani, ey mayli, yaxshi gumonda bo‘laylik, itarib yuborgani aks etgan video tarqaldi. 

Videoda Prezident samolyot eshigidan ko‘rinadi va ichkarida kim bilandir gaplashayotgan vaqtda bir qo‘l uning yuziga yaqinlashib, iyagiga yengil tarsaki tushiradi. Makron bu holatga qisqa hayrat bildiradi, lekin darhol o‘zini tutib, kameralar qarshisida salomlashadi. Keyin u va rafiqasi samolyotdan tushadi. Rafiqasining kiyimi tarsaki tushirilgan kiyimga mos keladi.

Makron bu videolar haqiqiyligini tasdiqladi va unda turmush o‘rtog‘i bilan hizillashayotgani aks etganiga urg‘u berdi. 

Oxirgi vaqtlarda dunyoda bo‘layotgan kattayu kichik voqealarni e’tiboridan qochirmayotgan, gaplashishni, gapirishni, muhokamalar maydonida bo‘lishni, xullas piarni sevadigan Prezident Tramp ushbu videoga ham munosabat bildirishdan tiyilmadi. 

U Makron va uning rafiqasi Brijitga oilaviy masalalarni yopiq eshiklar ortida hal qilishni maslahat berdi. Tramp, shuningdek, video paydo bo‘lganidan keyin Makron bilan gaplashgani va Fransiya rahbarining oilasida “hammasi joyida” ekanini qo‘shimcha qilgan. 

Ommaviy janjal ortidan turnir to‘xtatildi

Boladagi etika estetika madaniyat va san’atdan rivojlanadi. Lekin bugungi madaniyat va san’atdan emas. Agar shunday bo‘lganda edi bugun eng avvalo san’atkorlarning, madaniyat vakillarining tarbiyasi boshqalarga o‘rnak bo‘lardi. Ularni ko‘cha-ko‘yda tugul, ommaviy tadbirlarda, televideniyeda yoqalashayotgan holda uchratmasdik, internet orqali bir-birining ko‘zini o‘yish bilan ovora bo‘lmasdi. Bu o‘rinda bir-biriga bog‘langan ushbu gaplarim ayrimlarga tegishli ekani, haqiqiy madaniyatli san’atkorlarimiz hamon davraning to‘ridan emas, yurakdan joy olganini unutmaylik. 

Xo‘sh, endi e’tibor qarataylik o‘sha madaniyat vakiliman deganlarning xurmacha qiliqlariga. Toshkent shahridagi “Jar” stadionida 29 may kuni san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida o‘tgan LikeCup futbol o‘yini yakunida janjal kelib chiqdi. U mushtlashuvgacha sabab bo‘ldi. 

O‘yinda ishtirok etgan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarini ko‘paytirish va piar qilish maqsadida janjal keltirib chiqargan. Oqibatda piar maqsadida qilingan bu ish, musobaqaga bosh-qosh bo‘lgan aktyor Alisher Uzoqovning aytishicha, nazoratdan chiqib ketgan.

Mazkur holat bo‘yicha Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tomonidan tekshiruv olib borilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. LikeCup loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqargani va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lgani uchun loyiha vaqtincha to‘xtatilgan.

Loyiha tashkilotchilari, ushbu janjalni sahnalashtirganlar va unda ishtirok etganlarning barchasi shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan.

Hajda ellikboshilik qilayotgan o‘zbekistonlik imom vafot etdi

Joriy yilgi Haj mavsumida ziyoratchilarga ellikboshilik qilayotgan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev tugayottgan haftada betoblik sabab komaga tushishi ortidan Madina shahrida vafot etdi. 

Rabbimqul Muhammadiyev joriy yilning 23 may kuni “Toshkent-Madina” yo‘nalishida poytaxtning 38-guruh ziyoratchilari guruh rahbari sifatida yo‘lga chiqqan. Shu kuni safarga chiqishi bilan imom-xatib parvoz davomida uyquga ketgan va shu holatda uyg‘onmagan. Bemor Madina xalqaro aeroporti shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganda ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan, behush, savollarga javob bermagan. Shundan so‘ng, Madina shahridagi klinikaga joylashtirilgan. Shifokorlar tomonidan unga bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi, miya o‘zagi strukturalari o‘zgarishlari, bosh miya shishishi tashxisi qo‘yilgan.

Neyroxirurg ko‘rigidan so‘ng, bosh miya shishini kamaytirish maqsadida 24 may kuni operatsiya qilingan. Operatsiyadan keyin ham bemorning ahvolida o‘zgarish bo‘lmay, 26 may kuni vafot etgan.

Afg‘onistondagi jangarilar Markaziy Osiyoga xavf tug‘diradi – Belousov

Markaziy Osiyodagi asosiy xavf – Afg‘oniston hududida faoliyat ko‘rsatayotgan radikal qurollangan guruhlarning qo‘shni davlatlar hududiga kirib borishidir. Bu fikrlarni 28 may kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov O‘zbekiston va Turkmanistondan boshqa Markaziy Osiyoning barcha davlatlari a’zo bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida o‘rtaga tashladi. 

Belousovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 20 dan ortiq bunday guruhlar mavjud bo‘lib, ulardagi jangarilarning umumiy soni 15 mingdan ziyod kishini tashkil etadi.

“Radikal guruhlar qo‘shni davlatlarga kirib borishi va keyinchalik infiltratsiya xavfi ortishi mumkin. Yaqin Sharqdagi beqarorlik mintaqaga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va bu mintaqada qurolli to‘qnashuvlarda qatnashayotgan xorijiy jangarilar nafaqat Afg‘onistonga, balki Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga ham tarqalmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Belousov.

Ma’lumki, 2021 yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston boshqaruvini qo‘liga oldi, poytaxt Qobul qarshiliksiz egallandi, Prezident Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi. Bungacha esa allaqachon xorijiy mamlakatlar, xususan, AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgan edi. Xalqaro tashkilotlar o‘sha kundan buyon Afg‘onistonga mamlakatda inskyuziv Hukumatni tashkil etish, inson huquqlarini, ayniqsa, ayollar huquqlarini, eng avvalo ularning ta’lim olish imkoniyatini tiklash, giyohvand moddalar yetishtirish va uning savdosini to‘xtatish, terrorchilik guruhlarini bartaraf etish, dunyo va eng avvalo qo‘shni mamlakatlarga qurolli tahdidlarga chek qo‘yish bo‘yicha talablar qo‘yib kelmoqda. Biroq, “Tolibon” muvaqqat Hukumati asosan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan yangrayotgan bu talablarga bo‘ysunmay kelmoqda. Ammo xalqaro darajadagi tuchrashuvlar, Dohaga o‘tgan sammitlar va boshqa davlatlar Hukumatlari vakillari bilan uchrashuvlarda toliblar qo‘shnilari yoki boshqa davlatlar suvereniteti va chegaralari xavfsizligi daxl qilmaslik majburiyatini olib kelmoqda. 

Natijada esa 17 aprel kuni Rossiya Oliy sudi Bosh prokurorning Rossiyada “Tolibon” harakati faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish haqidagi ma’muriy da’vosini qanoatlantirdi. Hujjat Rossiyada 2024 yil dekabrida kuchga kirgan, terrorchilik ro‘yxatiga kiritilgan tashkilotlar faoliyatini taqiqlashni vaqtinchalik to‘xtatib turish imkonini beruvchi huquqiy norma bo‘yicha qabul qilingan birinchi qaror bo‘ldi.

Migrantlarga Rossiyaga kirishi uchun talab qo‘yildi

Joriy yilning 30 iyunidan boshlab Rossiya bilan vizasiz rejimda bo‘lgan mamlakat fuqarolari, jumladan o‘zbekistonliklar Rossiyaga kirishidan oldin elektron ariza qoldirishi shart va buni amalga oshirmaganlar mamlakat hududiga kirolmaydi. 

30 iyunda Rossiya hukumatining 2024 yil 7 noyabrdagi 1510-sonli qaroriga muvofiq Rossiyaga xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirishi va chiqishi tartibini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha eksperimentning ikkinchi bosqichi boshlanadi. 

Endilikda Rossiyaga vizasiz tartibda kirish uchun xorijiy mamlakat fuqarolari (shu jumladan voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxslarning qonuniy vakillari) sayohat rejasidan kamida 72 soat oldin Rossiyaga kirish haqida elektron ariza to‘ldirishlari shart bo‘ladi.

Agar kirish uchun zudlik bilan zarurat mavjud bo‘lsa (masalan, shoshilinch davolanish zarurati, yaqin qarindoshning og‘ir kasalligi yoki o‘limi), ariza safardan kamida 4 soat oldin topshirilishi mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu chora migratsion oqimlar ustidan nazoratni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning navbatdagi muhim bosqichi hisoblanadi.

Bilmasangiz, eshitmagan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying, eshitib oling. 15 maydan O‘zbekistonda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirdi. Albatta, u hozircha qog‘ozda, albatta, hali kodekslarga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kerak. Albatta, u ishlashi uchun davlat va jamoatchilik mas’uliyatini namoyon etishi kerak. Lekin normalar yanada jiddiylashtirilishidan oldin bolalarga, bolaga nisbatan munosabatingizni o‘zgartirmas ekansiz, oxiri siz uchun ham, farzandingiz uchun ham voy bo‘ladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya migrant Tolibon Emmanuel' Makron bolalar Markaziy Osiyo qiynoq Rabbimqul Muhammadiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing