YeI Rossiya uchun “dahshatli” sanksiyalar paketini qo‘llamoqchi
Olam
−
10 iyun 5144 3 daqiqa
Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi eng yirik 21-sanksiyalar paketi doirasida 170 dan ortiq yangi cheklov joriy etishni taklif qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi. Yangi choralar joriy yilning 15 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari tomonidan muhokama qilinishi kutilmoqda. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, paket doirasida yana 30 ta neft tankerini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish taklif qilingan. Shu bilan birga, Rossiya nefti uchun Yevropa Ittifoqi belgilagan narx chegarasini o‘zgartirmaslik rejalashtirilmoqda. Hozirda sanksiyalar ostida 632 ta kema bor.
Shuningdek, Rossiyaga suyultirilgan gaz tashuvchi tankerlariga sotishni taqiqlash, Rossiya nefti bilan savdo qilish yoki uni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi portlar, aeroportlar va neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi sanksiyalarni joriy etish taklif qilingan.
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning aytishicha, yangi paket doirasida ikki Rossiya porti va to‘rt aeroport bilan bog‘liq tranzaksiyalarni taqiqlash rejalashtirilgan. Yevropa komissiyasi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti ishtirokchilari uchun YeIga kirishni taqiqlashni ham taklif qilgan.
Qayd etilishicha, moliyaviy sohada ham 90 ta moliyaviy tuzilmaga qarshi cheklovlar joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Ular orasida Rossiyaning 31 banki uchun SWIFT tizimi orqali tranzaksiyalarni to‘liq taqiqlash, shuningdek uchinchi mamlakatlardagi 20 ta bank, kriptovalyuta platformasi va neft treyderlariga qarshi sanksiyalar ham bor.
Kaya Kallasning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya va uchinchi mamlakatlardagi 90 ta bank aktivlarini muzlatishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 11 ta kriptovalyuta platformasiga nisbatan tranzaksiyalar taqiqlanadi.
Eksport sohasida Rossiyaga metall, qotishmalar va dronlar uchun komponentlar yetkazib berishga cheklovlar joriy etiladi. Bundan tashqari, qiymati 60 milliard yevro bo‘lgan Rossiya tovarlari, jumladan turli metallar va avtotransport ehtiyot qismlari importi taqiqlanishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi paket doirasida Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, BAA va Hindiston kompaniyalariga nisbatan ham eksport cheklovlari kiritiladi. Shu bilan birga, YeI yuqori samarali qotishmalar, nikel kukunlari, qimmatbaho metall rudalari va kimyoviy mahsulotlar eksportini ham cheklamoqchi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ilk bor Rossiya baliqchilik mahsulotlari, jumladan, treska balig‘i savdosini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu cheklovlar Belarusga ham tatbiq etiladi.
Kaya Kallasning aytishicha, mazkur paket so‘nggi ikki yil ichida Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketi bo‘lishi mumkin va unga 170 dan ortiq yangi pozitsiya kiritilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelasi hafta Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashi Rossiyaning “soya floti”, harbiy-sanoat majmuasi, inson huquqlarini buzuvchilar va targ‘ibotchilarga qarshi alohida cheklovlar bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, 21-paket doirasida Rossiya va Belarusga qarshi umumiy qiymati 60 million yevroga teng eksport cheklovlari ham joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarini kengaytirib, “qora ro‘yxat”ga 10 nafar jismoniy shaxs va 8 ta kompaniyani kiritgan edi.
Live
Barchasi