Pokiston Afg‘onistonga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
10:20 1279 1 daqiqa
Bugun, 10 iyunga o‘tar kechasi Pokiston tomonidan Afg‘onistonning uchta viloyatiga zarba berildi. Oqibatda 13 kishi halok bo‘ldi, ulardan 11 nafari bolalar. Bu haqda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining matbuot kotibi Zabihullo Mujohid o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘tgan kecha Pokiston armiyasi Afg‘oniston havo hududini yana bir bor buzib o‘tib, Kunar, Xost va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi uylarini bombaladi. Ushbu hujumlar oqibatida 11 nafar bola, bir ayol va bir keksa erkak halok bo‘ldi, yana 14 nafar ayol va bola tan jarohati oldi. Biz ushbu insoniy jinoyat va tajovuzkorlik harakatini keskin qoralaymiz”, deydi Mujohid.
Ma’lumot uchun, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 2025 yilning oktyabr oyida yomonlashgan edi. Tomonlar o‘zaro zarbalar almashgan, biroq Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi. Shunga qaramay, joriy yilning fevral oyida Afg‘oniston Pokiston tomonidan amalga oshirilgan bombardimonlarga javoban Dyurand chizig‘i bo‘ylab keng ko‘lamli operatsiya boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida sodir bo‘lgan otishmada 12 kishi halok bo‘lgani, yana 20 kishi yaralangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi