Haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarning navbati saqlanib qoladi – DIQ
Jamiyat
−
14 iyun 2021
4704Avvalroq, joriy yilda xorijliklar, shu jumladan O‘zbekiston fuqaro Haj ziyoratini amalga oshira olmasligi haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Saudiya Arabistoni hukumatining “Haj-2021” mavsumini tashkil etish bo‘yicha chiqargan qarori yuzasidan tushuntirish berdi.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Haj va umra masalalari bo‘yicha Attashesi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 13 iyun kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Haj va umra vazirliklari tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilgan.
Unda “Haj-2021” mavsumini tashkil etish masalalari haqida to‘liq axborot berilgan. Jumladan, jahonda kuzatilayotgan murakkab epidemiologik vaziyat hamda hojilarning sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash maqsadida “Chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini cheklash, mahalliy aholi va mamlakatda doimiy yashovchi rezidentlar uchun Haj tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida” hukumat Qarori qabul qilingani e’lon qilingan.
Shuningdek, rasmiy xatda hojilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida, joriy yilgi Haj tadbiri – Saudiya Arabistoni Podshohligi aholisi va ushbu mamlakatda muqim yashab kelayotgan 18 dan 65 yoshgacha bo‘lgan, eng asosiysi, COVID-19 ga qarshi emlangan fuqarolar (rezidentlar) uchun tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘z navbatida, bu yilgi Haj ibodatini bajaradigan mahalliy ziyoratchilarning cheklangan miqdordagi umumiy soni 60 ming nafar etib belgilangani, xorijiy mamlakatlardan ziyoratchilar qabul qilinmasligi ham qayd etilgan.
“Yuqoridagilarga asoslangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni hukumatining hojilar manfaatlari, ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash nuqtai-nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, kezi kelganda, Jamoatchilik kengashi Haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbatlari keyingi mavsum uchun saqlanib qolishini eslatib o‘tadi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Saudiya hukumatining ushbu qarori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, islom mamlakatlaridagi ko‘plab fatvo hay’atlari va boshqa ilmiy markazlar tomonidan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistoni Podshohligida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Har kuni o‘rtacha 1 000 dan ortiq virus bilan kasallanish, 15-20 ta o‘lim holati kuzatilmoqda.
LiveBarchasi