Haydovchi “GAI”dan qochib, bir odamning o‘limiga sabab bo‘ldi
Jamiyat
−
29 avgust 2020
10604Joriy yilning 27 avgust kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘l qoidasii buzgan haydovchi yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Haydovchining voqea joyidan qochib ketishi oqibatida esa bir odam vafot etdi. Bu haqda YHXBB xabar berdi.
YTH soat 23:45 larda Parkent ko‘chasida yuz bergan. Haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan S.J. Nexia-3 rusumli avtomobilda dastlab “Qurolli kuchlar akademiyasi” qarshisidagi ko‘chada xizmat olib borayotgan YPXB inspektorining to‘xtash talabini bajarmay ketib qolgan. Keyin esa KXAY-Parkent ko‘chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan boshqa bir inspektorning talabiga ham bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Haydovchi yuqori tezlikda harakatlanib, Parkent ko‘chasi 69-uy qarshisida tartibga solinmagan piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan piyodani urib yuborgan va YTH joyidan yashirinib, avtomobilni Toshkent viloyati, Qibray tumani, Gulbog‘ MFY, Gulbog‘ ko‘chasiga tashlab ketgan.
Joriy yilning 28 avgust kuni soat 13:00 larda, haydovchi S.J. o‘z aybiga iqror bo‘lib, IIBga murojaat qilib, YTH joyiga qaytib kelgan.
YTH natijasida, piyoda (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) yevropa millatiga mansub, yoshi taxminan 65-70 larda bo‘lgan erkak kishi olgan tan jarohatlari oqibatida YTH joyida vafot etgan.
Ma’lumot o‘rnida haydovchi S.J. bir yil mobaynida 4 marotaba ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi