Haydovchi ayollar: Saudiya Arabistonida 30 ish o‘rniga 28 ming kishi ariza topshirdi
Olam
−
18 fevral 2022
10095Saudiya Arabistonida mamlakat tarixida birinchi bor 30 nafar ayolni mashinist sifatida ishga olish bo‘yicha e’lon berildi. Ishga kirish uchun 28 mingdan ortiq talabnoma kelib tushdi. Bu haqda Makka va Madina o‘rtasida tezyurar poyezdlar harakati uchun mas’ul bo‘lgan Ispaniyaning Renfe temir yo‘l kompaniyasi ma’lum qildi.
Kompaniya bir oy ichida juda ko‘p arizalarni qabul qilgan. O‘quv faoliyati va ingliz tilini bilishi baholangan onlayn test sinovlaridan so‘ng nomzodlar soni ikki barobarga kamaytirilib, 14 ming kishini tashkil etgan.
Mart oyining o‘rtalariga qadar kompaniya 30 nafar nomzodni tanlaydi. Bir yillik treningdan so‘ng ayollar Makka va Madina o‘rtasida har yili millionlab musulmon ziyoratchilar sayohat qiladigan poyezdlarni boshqaradi.
Ma’lumot o‘rnida, yaqin vaqtgacha saudiyalik ayollar o‘qituvchi yoki tibbiyot xodimi bo‘lib ishlashi mumkin edi. So‘nggi yillarda hukumat qator islohotlarni amalga oshirdi, buning natijasida 2020 yil oxiriga kelib mamlakatdagi barcha mehnatkashlar orasida ayollar salmog‘i 33 foizgacha oshdi. Shunga qaramay, erkaklar, ayniqsa, davlat sektorida ko‘p lavozimlarni egallab turadi.
So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni ayollarga mashina haydash, erkaklar ruxsatisiz xorijga sayohat qilish, futbol o‘yinlariga borish, armiyada xizmat qilish imkonini berdi. Katta ijtimoiy islohotlarga qaramay, Saudiya ayollari erkak vasiyning ruxsatisiz turmushga chiqa olmaydi, qamoqdan chiqa olmaydi va muayyan tibbiy xizmatlardan foydalana olmaydi.
LiveBarchasi